O‘zbekiston | 10:30 / 08.01.2026
3646
2 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya qo‘mitasi: havo ifloslanishini noqulay meteosharoit kuchaytirmoqda

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov havo sifati pasayishiga noqulay meteorologik sharoitlar sabab bo‘layotganini ma’lum qildi. Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, bu holat 16–17 yanvar sanasiga qadar davom etishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

Iskandar Qutbiddinovning ta’kidlashicha, kunduzgi va kechki haroratning ayrim hollarda 14°gacha keskin farq qilishi, tuman tushishi hamda shamol tezligining pasayishi ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosida tarqalishini qiyinlashtirmoqda. Natijada havo aylanishi sustlashib, ifloslanish omillari kuchayadi.

Ma’lum qilinishicha, maxsus komissiya faoliyati to‘xtatilmagan. Hozirda e’tibor sanoat va xo‘jalik obektlarida ekologik reydlar, nazorat hamda tekshiruv tadbirlariga qaratilgan.

Xususan, 1–7 yanvar kunlari Toshkent shahrida 12 ta, Toshkent viloyatida 22 ta ishlab chiqarish korxonasida tekshiruvlar o‘tkazilib, ta’sirchan choralar ko‘rilgan.

Shuningdek, atmosfera havosini ifloslantirgan o‘nlab avtotransport vositalariga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgani aytildi.

Profilaktik yo‘nalishda ham ishlar kuchaytirilgan: tashlama manbalari ustidan monitoring oshirilgan, atmosfera havosi sifati tezkor baholab borilmoqda.

Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, antitsiklonlar ta’siri pasayib, yog‘ingarchilik kuzatilishi va shamol tezligi oshishi bilan havo sifati bosqichma-bosqich normallashishi mumkin.

Qayd etilishicha, harorat inversiyasi qisqa muddatli va oldindan prognoz qilinadigan meteorologik hodisa hisoblanadi. Bu davrda davlat tashkilotlari kuchaytirilgan rejimda ish olib boradi, ifloslanishni yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Maxsus komissiyaning ekologik reyd va monitoring tadbirlari inversiya yakunlangach ham davom ettirilishi bildirildi.

Mavzuga oid