Jahon | 09:11 / 08.01.2026
1301
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya g‘arbidagi podstansiyaga noma’lum shaxslar hujum qildi

Ular Shimoliy Reyn – Vestfaliya yeridagi Erkrat shahrida joylashgan elektr podstansiyasini yoqib yuborishga uringan, ammo u uzilishlarsiz ishlashda davom etyapti, deb xabar berdi prokuratura.

Foto: WDR / Von Johannes Rasch

Noma’lum shaxslar Germaniyaning Shimoliy Reyn – Vestfaliya federal yerida joylashgan Erkrat shahridagi elektr podstansiyasida yong‘in chiqarish (qasddan yoqib yuborish)ni uyushtirishga urindi. Bu haqda jamoat-huquqiy media kompaniyasi WDR 7 yanvar, chorshanba kuni kechqurun o‘z saytida Vuppertal prokuraturasiga tayanib xabar berdi.

Aniqlanishicha, tergovchilar diqqatini ehtimoliy jinoyatchilar — Kommando Angry Birds guruhi tomonidan yozilgan maktub (murojaat) jalb qilgan, u so‘l qanotga mansub indymedia platformasida e’lon qilingan. Ushbu maktub o‘rganib chiqilgandan so‘ng, politsiya Erkrat podstansiyasida tekshiruv o‘tkazdi. Yong‘in chiqarishga urinishni jurnalistlarga prokuratura vakili — prokuror Volf-Tilman Baumert ham tasdiqladi.

Ko‘rinishicha, hujumchilarning maqsadi Erkratdagi Maks-Plank-shtrasse ko‘chasida joylashgan sanoat hududini elektrsiz qoldirish bo‘lgan. Jinoyatchilar maktubida aytilganidek, ular podstansiyadagi ikki transformatordan birini yoqib yuborishga uringan. Biroq prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, hujum muvaffaqiyatsiz yakunlangan: podstansiya butun vaqt davomida uzilishlarsiz ishlagan.

Prokuror Baumertning so‘zlariga ko‘ra, bu qasddan yong‘in chiqarish muhim infratuzilmaga hujum hisoblanadi. “Agar u muvaffaqiyatli chiqqanida, ehtimol, katta ko‘lamli elektr uzilishi sodir bo‘lardi”, — deb tushuntirdi u WDR bilan suhbatda.

Hodisa bo‘yicha tergovni siyosiy motivlarda sodir etilgan jinoyatlarga qarshi kurashishga ixtisoslashgan, Dyusseldorfdagi davlat himoyasi bo‘limi — Staatsschutz olib bormoqda.

Mavzuga oid