Jahon | 16:19 / 09.01.2026
4821
5 daqiqa o‘qiladi

Da Vinchiga tegishli bo‘lishi mumkin: rasmda DNK izi topildi

Olimlar Leonardo da Vinchiga tegishli bo‘lishi ehtimol qilingan rasmda genetik iz (DNK izi)ni aniqladi.

Foto: AP

Xalqaro tadqiqotchilar guruhi Leonardo da Vinchiga tegishli bo‘lishi ehtimol qilingan rasmda DNK izlarini aniqladi. Bu haqda 8 yanvar, payshanba kuni dpa axborot agentligi xabar berdi. Dastlabki tadqiqot rasmdagi namuna bilan rassom oilasining genetik materiallari o‘rtasida bog‘liqlik borligini ko‘rsatgan. Potensial ravishda sensatsion hisoblanadigan bu topilma sinchiklab tekshirish va qo‘shimcha tadqiqotlarni talab qiladi.

DNK izlari xususiy kolleksiyada saqlanadigan “Muqaddas go‘dak” (1452–1519) nomli rasmda topilgan. Unda qizg‘ish-qo‘ng‘ir rangli melli qalam — sangina bilan ishlangan bola boshi tasvirlangan (Renessans san’atiga xos uslub). AQShdagi J.Kreyg Venter instituti (J. Craig Venter Institute) olimlaridan Xarinder Singx rahbarligida tadqiqotchilar nihoyatda ehtiyotkor usullar yordamida qog‘oz varaqning old va orqa tomonidan mikroskopik namuna olgan va zamonaviy texnologiyalar bilan tahlil qilgan.

Tadqiqotchilar bakteriyalar, zamburug‘lar, o‘simliklar va hayvonlarga tegishli DNKdan tashqari, insonga oid genetik materialni ham aniqlagan. Ular ayniqsa ota tomondan, erkaklar liniyasi bo‘yicha meros bo‘lib o‘tadigan Y-xromosoma bo‘laklariga e’tibor qaratgan.

Biroq rasmning aniq muallifligi ma’lum emas: san’atshunoslik muhitida bu masala bahsli bo‘lib qolmoqda va rasm bo‘yicha faqat taxminan Leonardo da Vinchiga nisbat beriladi.

Shunga qaramay, quyidagi topilma bu nazariya foydasiga dalil bo‘lishi mumkin: rassomning amakivachchasining qadimiy xatida shunga o‘xshash DNK fragmentlari aniqlangan. Bu genetik “marker”lar Toskana — da Vinchi kelib chiqqan hudud liniyasi bilan bog‘lanadi.

Shu bilan birga, tadqiqot mualliflari ta’kidlashicha, DNK fragmentlari qattiq shikastlangan va nazariy jihatdan asrlar davomida ushbu obektlarga teggan turli odamlarga ham tegishli bo‘lishi mumkin.

Leonardo da Vinchiga nisbat beriladigan 20 tadan kamroq asar ma’lum. Ular orasida “Mona Liza” va “So‘nggi kechki ovqat” eng mashhurlari hisoblanadi.

Science jurnali suhbatlashgan mustaqil ekspertlar xulosalarga ehtiyotkorlik bilan yondashgan. Ularning aytishicha, da Vinchining o‘z ishonchli genetik “etaloni” bo‘lmagani uchun topilgan izlarni aniq ravishda aynan rassomning o‘zi bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Da Vinchining Fransiyadagi Ambuaz shahridagi dafn joyi 19-asrda bir necha bor vayron qilingan, shuningdek da Vinchining to‘g‘ridan to‘g‘ri avlodlari bo‘lmagan.

Tadqiqotchilar guruhi — turli mamlakatlardan 30 nafardan ortiq olim, jumladan genetiklar, antropologlar, arxeologlar va san’atshunoslar da Vinchi DNKsini izlash ishlarini davom ettirmoqda va bir necha yo‘nalish ustida ishlayapti. Jumladan, hozir tirik bo‘lgan, da Vinchi avlodi hisoblanadigan ota tomondan 15 nafar erkakning DNKsini tahlil qilish rejalashtirilgan. Yana bir yo‘nalish — Toskanadagi Vinchi shaharchasidagi cherkovda topilgan inson qoldiqlari: ular ehtimol rassom oilasiga tegishli bo‘lishi mumkin.

Olimlar, shuningdek, rassomning genetik materiali da Vinchining “Atlantik kodeks” (Codex Atlanticus) qo‘lyozmasida saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. 2238 sahifadan iborat, Leonardoning rasmlari va yozuvlari jamlangan ushbu jild Fransiya instituti kutubxonasida saqlanadi.

Tadqiqotchilarni “Lester kodeksi” (Codex Leicester) ham qiziqtirmoqda — Leonardoning ilmiy kuzatuvlari qayd etilgan 72 sahifalik daftar. Uni Bill Geyts 1994 yilda sotib olgan. Uning sahifalaridan birida barmoq izi topilgan. Ko‘p yillardan beri materiallarga invaziv bo‘lmagan (ya’ni zarar yetkazmaydigan) tarzda kirish imkonini berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Tadqiqot mualliflari usulning cheklovlarini ham ta’kidlaydi: san’at asarlari yuzasidagi “yupqa” DNK tashqi ifloslanishga juda moyil. Shunga qaramay, kelajakda bunday biologik tadqiqotlar san’atshunoslik ekspertizasini to‘ldirishi mumkin — masalan, bahsli asarlarni mualliflik (atributsiya) jihatidan aniqlashda yoki madaniy merosni himoya qilishda.

Mavzuga oid