Ta’lim | 13:01 / 09.01.2026
2322
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat stipendiyalarini tayinlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan magistratura mutaxassisligi hamda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari talabalari uchun O‘zbekiston prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini tayinlash tartibiga qator o‘zgartirishlar kiritildi. 

Foto: Kun.uz

Qarorga muvofiq, prezident va nomli davlat stipendiyalariga talabgorlarning axborot texnologiyalari, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalari Bilim va malakalarni baholash agentligida (hududlar bo‘yicha) maxsus test sinovlari orqali baholanishi belgilandi

Yangi tartibga ko‘ra:

  • test sinovlari bo‘yicha o‘tish ballining quyi chegarasi to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 55 foizi etib belgilanadi; 
  • 55 foizdan past ball to‘plagan, shuningdek, test sinovlariga qatnashmagan talabgorlar prezident va nomli davlat stipendiyalariga tavsiya etilmaydi; 
  • baholash natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlar shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun kamida 5 nafardan iborat apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.

Shuningdek, talabgorlarning hujjatlari va erishgan natijalari qaror bilan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida baholanishi belgilangan. Mazkur mezonlarda, jumladan:

  • magistratura talabgorlari uchun ilmiy-tadqiqot ishlari (40 ballgacha), yutuqlar (20 ballgacha) hamda agentlik test sinovlari natijalari (30 ballgacha) ko‘rsatkichlari nazarda tutilgan;
  • bakalavriat talabgorlari uchun ilmiy ishlar (30 ballgacha), yutuqlar (20 ballgacha), til sertifikati (10 ballgacha) hamda agentlik test sinovlari natijalari (30 ballgacha) baholash qismi sifatida qayd etilgan. 

Talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari esa Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining HEMIS axborot tizimi orqali shakllantirilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, nomli davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lgan talabalarga muayyan ta’lim bosqichida nomli davlat stipendiyalari tanlovlarida qayta ishtirok etishga ruxsat etilmasligi belgilandi. 

Mavzuga oid