Jahon | 14:50
5993
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kubaga tahdid qildi

Venesuela dengiz orqali blokada qilingani tufayli Kubada yonilg‘i taqchilligi yuzaga kelgan.

Foto: Mandel Ngan/AFP/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida agar Kuba zudlik bilan «kelishuv tuzmasa» buning oqibatlari bo‘lishini aytib tahdid qildi hamda endi Kubaga Venesueladan pul va neft oqimi to‘xtashini ma’lum qildi.

«Kuba ko‘p yillar davomida Venesueladan katta miqdordagi neft va pul kelishi evaziga yashagan. Bunga javoban Kuba Venesuelaning so‘nggi ikki diktatoriga „qo‘riqlash xizmatlari“ni ko‘rsatdi. Ammo endi bunday bo‘lmaydi!» – deb yozdi Tramp yakshanba kuni o‘zining Truth Social tarmog‘ida.

«Endi Kubada neft ham, pul ham bo‘lmaydi – nol! Men ularga kech bo‘lmasidan bitim tuzishni maslahat beraman», – deb davom etgan Tramp.

U aynan qanday kelishuvni nazarda tutgani va Kuba uchun qanday oqibatlar bo‘lishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.

Mutaxassislarning baholariga ko‘ra, Venesuela o‘z ittifoqchisi Kubaga kuniga 35000 barrel (4,8 ming tonna atrofida) neft yetkazib beradi.

AQSh harbiylari 3 yanvar kuniga o‘tar kechasi Karakasda o‘tkazilgan reyd davomida Venesuela rahbari Nikolas Maduroni qo‘lga olib, Nyu Yorkka olib ketgandi. U yerda sobiq prezident giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha ayblanib, sudga tortilgan.

Tramp o‘z postida ushbu reyd haqida eslab o‘tgan va Maduroni qo‘riqlagan kubaliklarning aksari o‘ldirilgani va endi Venesuela kubaliklar xizmatlariga ehtiyoj sezmasligini bildirgan. «Endi Venesuelada Amerika Qo‘shma Shtatlari bor, uni himoya qiladigan eng katta armiya (katta farq bilan) bor», – degan Tramp.

Kubaliklar ko‘p yillar mobaynida Nikolas Maduroning shaxsiy qo‘riqlash xizmati tarkibida bo‘lishgan. Kuba hukumati amerikalik harbiylar reydi vaqtida 32 nafar kubalik halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel bu 32 «jasur kubalik jangchilar» «imperiya formasidagi terrorchilar» bilan jangga kirishib, halok bo‘lganini aytgan.

Kuba hukumati reaksiyasi

Migel Dias-Kanel Trampning so‘zlariga keskin munosabat bildirdi. «Kuba – erkin, mustaqil va suveren mamlakat. Bizga hech kim nima qilishni buyurmaydi», – deb yozdi Lotin Amerikasi davlati rahbari X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Hamma narsani biznesga, hatto inson hayotini ham tovarga aylantiradiganlar Kubaga ko‘rsatma berish huquqiga ega emas. Mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy vaziyat AQSh bizga (Kubaga – tahr.) oltmish yildan beri qo‘llab kelayotgan qattiq izolyatsiya choralari natijasi bo‘lib, ularni yanada kuchaytirish bilan ham tahdid qilishmoqda», – deya qo‘shimcha qildi u.

Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges «Kuba hech qaysi mamlakatga ko‘rsatgan xavfsizlik xizmatlari uchun pul yoki moddiy mukofot olmagani»ni aytib chiqdi.

«AQShdan farqli o‘laroq, bizda boshqa davlatlarga nisbatan yollanma xizmat ko‘rsatish, shantaj yoki harbiy bosim bilan shug‘ullanadigan hukumat yo‘q. Boshqa har qanday mamlakat kabi, Kuba ham yonilg‘ini eksport qilishga tayyor bo‘lgan va AQShning bir tomonlama majburlovchi choralariga aralashuvsiz yoki bo‘ysundirilmasdan, tijoriy munosabatlarni rivojlantirish huquqini amalga oshirayotgan bozorlardan yonilg‘i import qilishga mutlaq huquqqa ega»,  degan u.

U «AQSh o‘zini jinoiy va nazoratsiz gegemon sifatida tutayotgani va butun dunyo bo‘ylab tinchlik va xavfsizlikka tahdid solayotgani»ni ta’kidlagan.

Kubada yoqilg‘i muammosi

AQSh prezidenti ma’muriyati hozircha Kubaga nisbatan aniq rejalar haqida ma’lum qilgani yo‘q; Trampning o‘zi esa Kubaga bostirib kirishga hojat yo‘qligini, chunki u yerdagi hokimiyat shundoq ham «qulashga tayyor ekani»ni aytgan.

AQSh davlat kotibi, kubalik muhojirlar farzandi hisoblangan Marko Rubio o‘tgan haftada bergan intervyusida shunday degan: «Kuba rahbariyati vakili bo‘lganimda, xavotir ichida yashayotgan bo‘lardim. Chunki Gavanada ko‘plab muammolar paydo bo‘ldi».

Tramp esa yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Rubioni Kuba prezidenti qilib tayinlash haqidagi taklifni ma’qullab, «Yomon eshitilmayapti», deb yozgandi.

Kubadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Venesueladan chiquvchi tankerlar yo‘lini to‘sib qo‘ygani tufayli orolda yoqilg‘i va elektr tanqisligi yuzaga kelgan.

«Donro doktrinasi»

Trampning ma’muriyati avvalroq tashqi siyosatda modifikatsiya qilingan «Monro doktrinasi»ga amal qilishini ma’lum qilgan. Bu doktrina orqali AQShning ilk prezidentlaridan biri Jyeyms Monro 1823 yilda Qo‘shma Shtatlarni G‘arbiy yarimshardagi hukmron kuch deb e’lon qilgandi. Aniqrog‘i, doktrina Yevropa davlatlarining Amerika ishlariga aralashishdan bosh tortishi evaziga AQShning Yevropa ishlariga aralashishdan bosh tortishini nazarda tutgan.

AQShning yangi Milliy xavfsizlik strategiyasida tashqi siyosatdagi bu yo‘nalish «Trampdan Monro doktrinasining yangi versiyasi» deb atalgan, Trampning o‘zi esa uni «Donro doktrinasi» deb ataydi.

Maduro qo‘lga olinganidan keyin Tramp Lotin Amerikasining qator mamlakatlari yuzasidan turlicha bayonotlar berdi.

U, xususan, Kolumbiyaning ilk so‘l prezidenti Gustavo Petroga «o‘z joni uchun qayg‘urish»ni maslahat bergan va Kolumbiyada ham harbiy operatsiya o‘tkazish kerakligi haqidagi fikrlarni ma’qullagan.

Oktyabr oyida AQSh Petroni Kolumbiyada giyohvandlik moddalari savdosi gullab-yashnashida ayblab, unga qarshi personal sanksiyalar joriy etgandi.

Shuningdek, Tramp AQShga giyohvand moddalar oqimi Meksika orqali kirib kelayotgani va «bu masalada nimadir qilish kerakligi»ni aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Meksikaga kartellar bilan urushda mahalliy hokimiyatga yordam berish uchun amerikalik harbiylarni yuborishni taklif qilgan. Biroq Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum bu takliflarni rad etgan.

1959 yilda Fidel Kastro partizan safdoshlari bilan AQShga do‘stona munosabatda bo‘lgan prezident Fulxensio Batistani ag‘darib, o‘zi SSSR bilan yaqin munosabatlarni yo‘lga qo‘yganidan beri AQSh Kuba uchun dushman davlatga aylangan.

AQShning avvalgi prezidentlari, ayniqsa, Barak Obama Kuba bilan munosabatlarni normallashtirish uchun ayrim qadamlarni qo‘ygandi, ammo Tramp bu qarorlarning ko‘pchiligini bekor qildi.

Xususan, Tramp ikkinchi muddatga saylanib, lavozimiga rasman kirishgach, Kubani yana terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat deb rasman e’lon qildi. Bu oldingi prezident Jo Bayden Kubadan bu ta’rifni olib tashlaganidan ko‘p vaqt o‘tmay ro‘y berdi.

Mavzuga oid