Jahon | 15:44
769
3 daqiqa o‘qiladi

“Gazprom-media” nomaqbul kontentni qidirishga sarmoya kiritdi

“Gazprom-media” platformasi videokontentda narkotiklar, alkogol va boshqa sahnalar “targ‘iboti” alomatlarini aniqlash imkonini beradi. Ishlanma Rossiya startapi Predicto bilan bog‘liq.

Foto: AP

“Gazprom-media” holdingi, jumladan, videokontentni tekshirish va unda narkotiklar, alkogol sahnalari va boshqa “nomaqbul” kontentning “targ‘iboti” bor-yo‘qligini aniqlash uchun mo‘ljallangan raqamli platformaga yuzlab million rubl sarmoya kiritdi. Bu haqda yakshanba kuni, 11 yanvarda Forbes nashri media sohasidagi manbaga tayanib xabar qildi.

Gap 12 ta moduldan iborat “Predikto” platformasi haqida ketmoqda. Ularning bir moduli kontentni moderatsiya qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, video tekshirilgandan keyin faylni rangli belgi bilan qaytaradi — bu belgilar nomaqbul kontent alomatlari bor yoki yo‘qligini ko‘rsatadi, deb yozadi nashr.

Forbes manbasining aytishicha, platforma asosida bir necha yil oldin “Gazprom-media” tuzilmalari bilan hamkorlikni boshlagan Rossiya startapi Predicto texnologiyalari yotadi. Nashr suhbatdoshi da’vo qilishicha, 2023 yilda Predicto xodimlariga “Gazprom”ga yaqin tuzilmalarga ishga o‘tish taklif qilingan va ko‘pchiligi rozi bo‘lgan.

Forbes qayd etishicha, 2023 yilda Predicto shtatida 40 kishi ishlagan, 2024 yilda esa ularning soni to‘rt nafargacha qisqargan.

“Gazprom” axborot boshqarmasida jurnalistlarga ma’lum qilinishicha, Predicto’ning ayrim raqamli yechimlari “Gazprom-media” holdingi tarkibidagi “Gazprom Media TsR” bo‘linmasi buyurtmasi asosida ishlab chiqilgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu yechimlar Raqamli rivojlanish vazirligi reyestriga mahalliy dasturiy ta’minot sifatida kiritilgan.

Roskomnadzor esa audiovizual servislar tomonidan “huquqqa zid axborot”ni aniqlash uchun ko‘riladigan “har qanday texnik va tashkiliy choralar”ni olqishlashini bildirgan. Idora qo‘shimcha qilishicha, avtomatlashtirilgan yechimlardan foydalanish platformalarga qonunchilikni buzuvchi kontentni mustaqil aniqlash imkonini berishi kerak.

“Gazprom-media” holdingi Premier onlayn-kinoteatriga, Yappy vertikal videoservisiga, TNT va “Pyatnitsa” telekanallariga, shuningdek Rutube platformasiga ega. Rossiya hokimiyati Rutube’ni YouTube’ga ehtimoliy muqobillardan biri sifatida ko‘radi.

Rossiyada “targ‘ibot” uchun javobgarlik qat’iylashtirilgani va mavjud bo‘lmagan xalqaro harakat “ekstremistik” deb tan olinganidan keyin onlayn platformalar film va seriallardan qonunbuzilishi deb talqin qilinishi mumkin bo‘lgan sahnalarni olib tashlay boshladi.