Jahon | 15:16 / 15.01.2026
2452
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp: «Eronda qotilliklar to‘xtatildi. Qatllar rejalashtirilmayapti»

Trampning aytishicha, Eron hukumati namoyishlar ishtirokchilarini qatl etishni rejalashtirmayapti. «Eronda qotilliklar to‘xtadi. Qatl etish rejasi ham yo‘q», – dedi u. Avvalroq AQSh prezidenti agar mamlakatda namoyishchilarni qatl etish boshlansa, Tehronga qarshi «keskin harakatlar» bo‘lishini aytgandi.

Foto: AP Photo/Alex Brandon

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hukumati hukumatga qarshi namoyishlar ishtirokchilarini qatl etmoqchi emasligini aytdi.

Tramp 14 yanvar kuni Oq uyning Oval kabinetida navbatdagi qonunni imzolash chog‘ida «Eronda qotilliklar to‘xtagani» haqida xabar kelganini ma’lum qildi.

«Eronda qotilliklar to‘xtatilmoqda. Ular to‘xtashdi. Ular to‘xtaydi. Qatl etish rejasi ham yo‘q. Ishonchli manbalardan shunday xabar oldim. Ishonchim komilki, agar bu [qatl] sodir bo‘lsa, barchamiz juda xafa bo‘lamiz», – dedi Tramp.

Muxbirlardan biri bu Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlarni istisno qilganini anglatadimi, deb so‘radi. «Biz voqealar rivojini kuzatamiz. Ammo sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lgan odamlardan juda yaxshi xabar oldik», – deb javob berdi u.

Boshqa bir jurnalistning Erondagi vaziyat haqidagi ma’lumot qayerdan olingani haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga Tramp shunday javob berdi: «Narigi tomondagi juda muhim manbalar qotilliklar to‘xtatilgani va qatllar bo‘lmasligini aytishdi. Bugun ko‘plab qatllar bo‘lishi kerak edi, lekin bo‘lmaydi. Biz buni bilib olamiz. Ya’ni bilib olaman. Shundan so‘ng siz ham bilib olasiz».

«Ular ko‘pchilik aytayotgan qatllarni amalga oshirmaydi. Bugun qatl kuni bo‘lishi kerak edi», – deb qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

Tramp agar Eronda qatllar amalga oshiriladigan bo‘lsa, AQSh unga qarshi «juda qattiq choralar ko‘rishi»dan ogohlantirgan.

AQSh va inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotlariga ko‘ra, Eron 14 yanvar kuni namoyishlar ishtirokchisi, 26 yoshli Erfon Sultoniyni qatl etishni rejalashtirilayotgandi.

Taxminan bir hafta oldin hibsga olingan Erfonning qarindoshlari telekanalga qatl amalga oshirilmagani, biroq bekor qilinmaganini ham aytishgan. Shu bilan birga, IRIB davlat axborot agentligi Eron sud idoralariga tayanib, Sultoniy o‘lim jazosiga hukm qilinmaganini da’vo qilmoqda.

13 yanvar kuni Tramp Eron rasmiylarini namoyishchilarni qatl qilishdan ogohlantirib, AQSh bunga javoban «qattiq choralar» ko‘rishini aytgandi. «Agar ular buni qilishsa, biz juda qattiq choralar ko‘ramiz», – degandi u CBS News telekanaliga bergan intervyusida, bu qanday harakatlar bo‘lishiga aniqlik kiritmasdan.

«Agar ular namoyish o‘tkazmoqchi bo‘lishsa – bu boshqa gap. Lekin minglab odamlarni o‘ldirishni boshlab, endi menga dorga osishlar haqida gapirayotgan bo‘lsangiz, buning oqibati ular uchun qanday bo‘lishini ko‘ramiz. Bu yaxshilik bilan tugamaydi», – dedi Tramp.

Eron TIV rahbari Abbos Aroqchi Fox News telekanali efirida Trampning bu so‘zlariga izoh berib, namoyishchilarni qatl etish «istisno» qilinganini aytdi. «Ishonch bilan aytishim mumkinki, qatl etish rejalari umuman yo‘q», – dedi Aroqchi va qatl haqidagi xabarlar «prezident Trampni provokatsiya qilish va uni halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan bu masalaga jalb qilish»ga qaratilgan «dezinformatsiya kampaniyasi»ning bir qismi ekanini qo‘shimcha qildi.

  • Donald Tramp avvalroq Eronda hukumatga qarshi namoyishlar ishtirokchilarining o‘ldirilishini qoralagan edi. Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, norozilik namoyishlari chog‘ida 2,5 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
  • Amerika rasmiylari Eronga bosim o‘tkazishning bir nechta variantlarini ko‘rib chiqmoqda – yangi sanksiyalardan tortib Tehronga harbiy zarbalar berishgacha. Reuters agentligining Yevropadagi manbasi 14 yanvar kuni AQSh Eronga 24 soat ichida zarba berishi mumkinligini ma’lum qildi. Buning ortidan AQSh Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy bazasidan harbiylarini olib chiqishni boshladi.

Mavzuga oid