Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ko‘p kvartirali uylarni qabul qilish tartibi kuchaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Takliflarda 2026–2030 yillarda klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish, “Mening uyim” orqali hisob-kitoblarni to‘liq shaffoflashtirish va uyni qabul qilishda yangi majburiy talablarni belgilash ko‘zda tutilgan.
Prezidentga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 44 mingdan ziyod ko‘p kvartirali uyda 7,1 million nafar aholi istiqomat qiladi. Uy-joy fondiga 900 dan ortiq boshqaruv servis kompaniyalari va 200 dan ortiq shirkatlar xizmat ko‘rsatadi, 856 ta uyda esa o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi joriy etilgan.
Boshqaruvchi tashkilotlar uchun minimal moliyaviy va tashkiliy talablar ham belgilanmoqda. Jumladan, o‘z mablag‘i, moddiy-texnik baza va 24/7 dispetcherlik xizmati mavjud bo‘lishi shart qilinadi. Qo‘shimcha daromad manbalari sifatida maishiy xizmat markazlarini tashkil etish, yengil konstruksiyali qurilmalarni barpo etish va ulardan uzoq muddatli foydalanish imkoniyatlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Majburiy badallar, shuningdek, boshqaruvchi tashkilotlarning xizmatlardan tushadigan barcha qo‘shimcha daromadlari faqat “Mening uyim” billing tizimi orqali hisobga olinishi belgilanmoqda. Ushbu tartibga rioya etmasdan badallar hisobini yuritish buxgalteriya hisobi va hisobot talablarini buzish hisoblanadi.
Shu bilan birga, umumiy mol-mulkni ijaraga yoki tekin foydalanishga berish bo‘yicha shartnomalar soliq organlarida majburiy tarzda hisobga qo‘yiladi. Belgilangan tartib buzilsa, boshqaruvchi tashkilot elektron reyestrdan chiqarib tashlanishi nazarda tutilgan. “Mening uyim” axborot tizimi orqali esa umumiy yig‘ilishni tashabbus qilish, muhokama o‘tkazish, qaror qabul qilish, shartnoma tuzish, hisobot taqdim etish hamda murojaatlarni yuborish va ko‘rib chiqish imkoniyatlari to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.
Takliflarga ko‘ra, har chorak yakuni bo‘yicha “Mening uyim” tizimiga hisobot ma’lumotlari kiritilmasa, keyingi oylar uchun majburiy badallarni hisoblash ma’lumotlar kiritilgunga qadar vaqtincha to‘xtatiladi va orqaga qayta hisob-kitob qilinmaydi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning texnik holati, yer uchastkalari, energiya va suv iste’moli bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “Turar-joy” milliy axborot tizimi bosqichma-bosqich ishga tushirilishi aytildi.
Uylarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha tartib ham kuchaytiriladi: kadastr pasporti rasmiylashtirilib, u “Turar-joy” tizimida avtomatik aks etishi, o‘rnatilgan quyosh panellari esa umumiy mol-mulk sifatida boshqarish organiga topshirilishi shart etib belgilanmoqda. Mazkur talablar bajarilmagan taqdirda, uy foydalanishga qabul qilinmaydi.
Mavzuga oid
08:25 / 06.06.2026
Toshkentda uyni ikki marta sotgan aka-ukaga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
22:34 / 05.06.2026
Qurilganiga 50 yildan oshgan uylarni qayta rejalashtirish taqiqlandi
19:31 / 04.06.2026
2018 yildan keyin qurilgan noqonuniy uylarning taqdiri nima bo‘ladi?
09:46 / 26.05.2026