Jahon | 16:38
1601
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya sharqida Rim imperiyasining harbiy lageri topildi

Rim imperiyasi harbiy sarkardalari o‘z yurishlari davomida Germaniya sharqidagi hozirgi Saksoniya-Anxalt federal yeri hududigacha yetib kelgan. Arxeologlar ilk bor Elba daryosining o‘rta oqimida rimliklarning harbiy lagerlari mavjud bo‘lganini tasdiqlay oldi, deb xabar qildi payshanba kuni, 15 yanvarda yodgorliklar va arxeologiyani muhofaza qilish bo‘yicha mintaqaviy idora.

Foto: DPA

Tadqiqotchilar qayd etishicha, Aken, Trabits (hozir Kalbe shahrining zamonaviy tumani) va Dersxaym (hozir Ostervik shahrining bir qismi) atrofidagi lagerlar — Germaniya hududida aholi yashaydigan punktlardan tashqarida joylashgan rim harbiy qo‘nim joylarining eng shimoliy-sharqiy nuqtalari hisoblanadi. Saksoniya-Anxalt hokimiyati bu topilmani “arxeologik sensatsiya” deb atadi. Topilmaga ko‘p jihatdan ixtiyoriy yordamchilar — arxeologiya yodgorliklari ishqibozlari va masofadan zondlashning zamonaviy texnologiyalari hissa qo‘shgani aytildi.

Ikki nafar havaskor arxeolog 2020–2024 yillarda bir-biridan mustaqil ravishda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va raqamli fotosuratlarni o‘rganib, to‘rtta ehtimoliy rimliklar lagerini aniqlagan. Keng ko‘lamli geofizik tadqiqotlar va qazish ishlari olingan ma’lumotlarni tasdiqlashga, hatto ularni kengaytirishga ham yordam bergan. Ishlar davomida 1500 dan ortiq buyum topilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi temirdan yasalgan. Topilgan fibula (kiyim ilgich) bo‘laklari va tangalar topilmalarni sanalashga (davrlashtirishga) yordam bergan.

Topilgan buyumlar va radiouglerod tahlili Aken, Trabits va Dersxaym atrofidagi lagerlar milodiy III asr boshlarida paydo bo‘lganini taxmin qilish imkonini beradi. Masalan, Trabitsda Rim imperatori Karakallaning denariy tangasi topilgan. Bu esa lager Karakallaning ushbu o‘lkalarga 213 yildagi yurishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Birinchi Rim imperatori Oktavian Avgust taxminan miloddan avvalgi 13 yillar atrofida Reyn sharqidagi nemis hududlarini Rim imperiyasi tarkibiga qo‘shishga uringan. Elbagacha bo‘lgan hududni Rim provinsiyasiga aylantirish urinishlari 30 yildan ortiq davom etgan, ammo muvaffaqiyat qozonmagan. Milodiy 9 yilda Tevtoburg o‘rmonidagi jangda armiyasi mag‘lub bo‘lganidan keyin rimliklar Reynning sharqidagi hududlardan chekingan.

Keyingi davrda rimliklar bilan nemis qabilalari o‘rtasidagi munosabatlar, asosan, nemislarning Rim imperiyasiga bostirib kirishidan himoyalanish va turli shartnomaviy kelishuvlar bilan tavsiflangan. Biroq milodiy III asrda nemis hududlarida yangi yirik qabilalar paydo bo‘lgan va 233 yilga kelib ular Rim imperiyasi uchun jiddiy tahdidga aylangan. Rimliklar himoya maqsadida bir necha harbiy kampaniyalar o‘tkazgan — xususan, imperator Karakallaning 213 yildagi yurishi va Maksimin I Frakiyalikning 235–236 yillardagi yurishlari shular jumlasidan.

Yozma manbalar Rim qo‘shinlarining Germaniya ichki hududlariga qilgan harbiy yurishlari haqida to‘liq tasavvur bermaydi. Shu paytga qadar Saksoniya-Anxaltda Rim qo‘shinlarining Elbagacha harakatlanganini tasdiqlaydigan “qurilish” dalillari, jumladan, ana shunday lager izlari mavjud emas edi.

Mavzuga oid