Ta’lim | 12:42 / 16.01.2026
1686
2 daqiqa o‘qiladi

Kitobxonlikni rivojlantirish uchun grantlar va tarjima xarajatlari qoplanadi

“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilinib, 2026–2030 yillarda aholining kitobxonlik darajasini bir kishi hisobida yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish maqsadi belgilandi.

“Huquqiy axborot” kanalida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, qaror bilan kitobxonlikni rag‘batlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, Yoshlar ishlari agentligi huzurida “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil etilishi va uning vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlangan.

Qarorga muvofiq, jamg‘arma mablag‘lari quyidagi yo‘nalishlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan:

  • tanlov asosida yosh yozuvchilarga grantlar ajratish, asarlarini nashr etish, shuningdek bolalar adabiyoti loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;
  • tanlov orqali iste’dodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod uchun sharoit yaratish maqsadida 1 yilgacha har oy BHMning 50 baravari miqdorida to‘lov belgilash;
  • eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotlarni esa xorijiy tillarga tarjima qilish bo‘yicha nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi, mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizini qoplash;
  • vasiylik kengashi a’zolariga har chorakda BHMning 50 baravarigacha miqdorda mukofot to‘lash.

Qaror bilan belgilangan choralar aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasini kengaytirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda tarjima va nashr ishlarini rag‘batlantirishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid