Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp G‘azo sektorida “Tinchlik kengashi” tuzilganini e’lon qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni, 15 yanvarda G‘azo sektori tiklanishini boshqarib boradigan “Tinchlik kengashi” tuzilganini e’lon qildi. Bu tuzilmani yaratish Trampning G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasiga kiradi, rejada xalqaro kuchlarni joylashtirish ham nazarda tutilgan. “Tinchlik kengashi”ga AQSh prezidentining o‘zi rahbarlik qiladi.
Foto: THE WHITE HOUSE/UPI Photo/Newscom/picture alliance
“Tinchlik kengashi tuzilganini e’lon qilish men uchun katta sharaf. Kengash tarkibi yaqin orada ma’lum qilinadi, ammo ishonch bilan ayta olamanki, bu — istalgan vaqtda va istalgan joyda tuzilgan kengashlar ichidagi eng buyuk va eng nufuzlisi”, — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
AFP agentligi qayd etishicha, “Tinchlik kengashi” haqida 15 nafardan iborat falastinlik texnokratlar ma’muriyati tuzilgani e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay xabar berildi. U ma’muriyatga urushdan keyingi G‘azo sektorida kundalik hayotni boshqarish vazifasi yuklatilgan. Ma’muriyat “Tinchlik kengashi” nazorati ostida ishlaydi. “Tinchlik kengashi raisi sifatida men yaqinda tayinlangan falastinlik texnokrat hukumatini qo‘llab-quvvatlayman”, — dedi Tramp.
The Telegraph gazetasi xabar berishicha, “Tinchlik kengashi” tarkibida ehtimol Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va Turkiya vakillari bo‘ladi.
14 yanvar kuni AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Tramp nomidan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichiga o‘tilganini e’lon qildi. Bu bosqich, jumladan, HAMASni qurolsizlantirish va Falastin politsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida G‘azo sektorida Xalqaro barqarorlashtiruvchi kuchlar (XBK)ni joylashtirishni ko‘zda tutadi.
Dekabr oyida YeI va AQShda terroristik tashkilot deb tan olingan HAMAS harakati bir qator shartlar bajarilsa, qurolni topshirishga tayyorligini bildirgan — xususan, Isroil qo‘shinlari G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishi sharti bilan. “(Bizda qurol bo‘lishi — tahr.) okkupatsiya va tajovuz bilan izohlanadi. Agar okkupatsiya tugasa, bu qurol davlat nazoratiga topshiriladi”, — degan edi harakat yetakchilaridan biri Xalil al-Haya.
HAMAS harakatining 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga qilgan hujumi Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashuvi uchun boshlang‘ich nuqta bo‘ldi. O‘shanda jangchilar Isroilga raketa zarbalari bergan, mamlakat hududiga kirib borgan va taxminan 1200 kishini o‘ldirgan. Shuningdek, ular 250 nafar garovga olinganlarni qo‘lga olib, G‘azo sektoriga olib ketgan. Keyinroq garovdagilarning bir qismi almashtirilgan yoki ozod qilingan, bir qismi halok bo‘lgan.
Isroil bunga javoban HAMASga qarshi urush e’lon qildi. G‘azo sektorida quruqlik amaliyoti va bombardimonlar oqibatida 70 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 169 mingdan ziyodi yaralangan.