Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azo sektori: AQShda “Tinchlik kengashi” rahbariyati tarkibi aytildi
“Tinchlik kengashi” rahbariyati tarkibiga Marko Rubio, Stiv Uitkoff, Jared Kushner, Toni Bler kiradi, deb xabar qildi Oq uy. Kengash Trampning G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasini amalga oshirishni ta’minlashi kerak.
Foto: Omar Ashtawy/APAimages/IMAGO
Oq uy saytida juma kuni, 16 yanvarda e’lon qilingan press-relizga ko‘ra, G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish jarayonida muhim rol o‘ynashi kerak bo‘lgan “Tinchlik kengashi” tuzilmasining ijrochi kengashi tarkibiga, boshqalar qatorida, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, prezidentning maxsus elchisi Stiven Uitkoff, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner, Jahon banki rahbari Ajay Banga, Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, “Tinchlik kengashi” G‘azo sektori bo‘yicha Trampning 20 banddan iborat rejasini amalga oshirishni kafolatlashi kerak: strategik nazoratni olib borish, xalqaro resurslarni safarbar qilish va G‘azo sektori “nizodan tinchlik va taraqqiyotga” o‘tayotgan davrda hisobdorlikni ta’minlash orqali. Bu organ raisi sifatida Donald Trampning o‘zi ko‘rsatilgan.
G‘azo bo‘yicha oliy vakil etib bolgar diplomati Nikolay Mladenov tayinlandi. Oq uy ma’lum qilishicha, uning vazifasi Falastin texnokrat ma’muriyati hamda “Tinchlik kengashi” o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlashdan iborat bo‘ladi.
Shuningdek, oliy vakil ofisi va texnokrat ma’muriyatni qo‘llab-quvvatlash uchun “G‘azo sektori ijrochi kengashi” ham tuzildi. Unga Mladenovning o‘zi bilan birga Uitkoff, Kushner, Bler, Turkiya TIV rahbari Hoqon Fidan, BAAning xalqaro hamkorlik bo‘yicha davlat vaziri Rim al-Hoshimiy va boshqalar kirdi.
Shu kuni, 16 yanvarda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Berlin “Tinchlik kengashi” ishlarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. “Biz tez orada bu mavzu bo‘yicha aniq muhokamalar bo‘lishini va ehtimol, taklif ham kelib tushishini kutyapmiz”, — dedi u Avstriya tashqi ishlar vaziri Beata Maynl-Rayzinger bilan uchrashuvdan keyin.
Bundan oldin The Telegraph gazetasi “Tinchlik kengashi” tarkibida ehtimol Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va Turkiya vakillari qatnashishi mumkinligi haqida yozgan edi.
“O‘ylaymanki, ‘Tinchlik kengashi’ muhim institut bo‘ladi”, — dedi Vadeful 16 yanvar kuni. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektori kelajagi faqat shu holdagina muvaffaqiyatli bo‘ladi: agar HAMAS — Yevropa Ittifoqi va AQShda terroristik tashkilot sifatida tan olingan harakat — u yerda ishtirok etmasa.
“Tinchlik kengashi” tuzilayotgani haqida 15 falastinlikdan iborat texnokrat ma’muriyat tashkil etilgani e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay ma’lum qilindi. Bu ma’muriyatning vazifasi G‘azo sektorining kundalik hayotini boshqarish bo‘lishi kerak.
14 yanvar kuni prezidentning maxsus elchisi Uitkoff Tramp nomidan G‘azo sektordagi o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichiga o‘tish haqida ma’lum qildi. Bu bosqich, boshqa narsalar qatorida, HAMASni qurolsizlantirish va G‘azo sektoriga Falastin politsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro barqarorlashtirish kuchlari (XBK)ni joylashtirishni nazarda tutadi.
Dekabr oyida HAMAS bir qator shartlar bajarilsa, qurolni tashlashga tayyor ekanini bildirgan edi. Shartlardan biri — Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektoridan to‘liq chiqib ketishi. “Bizning qurolimiz ishg‘ol va tajovuz bilan izohlanadi. Agar ishg‘ol tugasa, bu qurol davlat nazoratiga topshiriladi”, — deb ta’kidlagan edi harakat yetakchisi Xalil al-Hayya.
HAMAS harakatining 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroilga hujumi Yaqin Sharqdagi nizoning keskinlashuvi uchun boshlang‘ich nuqta bo‘ldi. O‘shanda jangchilar Isroilga raketa zarbalari berdi, uning hududiga bostirib kirdi va 1200 kishini o‘ldirdi. Ular, shuningdek, taxminan 250 kishini qo‘lga olib, G‘azo sektoriga olib ketdi. Keyinroq garovdagilarning bir qismi almashtirildi yoki ozod etildi, bir qismi esa halok bo‘ldi.
Bunga javoban Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyoti va bombardimonlar natijasida 70 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 169 mingdan ziyod kishi yaralangan.
Mavzuga oid
11:03
Tramp Grenlandiya sabab bojlar joriy etish bilan tahdid qildi
20:49 / 16.01.2026
Amerika investitsiya fondi Rossiya imperiyasi qarzlari bo‘yicha Rossiyadan 225 milliard dollar talab qildi
20:39 / 16.01.2026
Grenlandiya necha pul turadi?
16:57 / 16.01.2026