Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy: Ukraina delegatsiyasi AQShga yo‘l oldi
Ukraina prezidentining aytishicha, delegatsiya AQShda xavfsizlik kafolatlari va tiklanish paketiga oid bir qator materiallarni yakuniylashtirishi kerak. Zelenskiy, shuningdek, havo mudofaasi uchun raketalar olingani haqida ham hisobot berdi.
Foto: REUTERS
Ukraina delegatsiyasi AQShga yo‘l olgan, yaqin kunlarda u yerda AQSh prezidenti Donald Tramp vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lishi kerak. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy juma kuni, 16 yanvarda Chexiya prezidenti Pyotr Pavel bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Ukraina rahbari, “Yevropeyskaya pravda” nashri yetkazishicha, ushbu uchrashuvlardan keyin “amalda Amerika tomoni bilan deyarli tayyorlab qo‘yilgan hujjatlar bo‘yicha ham, Rossiyaning hozirgacha qilingan va qilinayotgan diplomatik ishlarga javobi bo‘yicha ham aniqlik ko‘proq bo‘ladi”, degan umidini bildirgan.
Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari va Ukrainani tiklash paketiga oid bir qator materiallarni yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar hammasi tayyor bo‘lsa, imzolash 19–23 yanvar kunlari Davosda bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumi paytida amalga oshirilishi mumkin.
“Masala bugun zudlik bilan imzo qo‘yishda emas. Muhimi — u yerda hamkorlar bilan muhokama qilgan barcha jihatlar bo‘lishi. Ukraina urushdan keyin ‘yalang‘och va yalangoyoq’ qolmasligi, bizda haqiqiy moliyaviy ko‘mak bo‘lishi kerak. Shuning ustida ishlayapmiz”, — deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
Gap, jumladan, Ukrainani tiklash uchun o‘n yil davomida taxminan 800 mlrd dollar ( 690 mlrd yevro ) jalb etish haqida bormoqda. Agar kelishuv imzolansa, u xususiy kompaniyalar tomonidan mablag‘ ajratish uchun bir qator qarzlar, grantlar va investitsion imkoniyatlarga yo‘l ochishi mumkin.
2025 yil dekabr oyida Volodimir Zelenskiy muzokarachi tomonlar muhokama qilayotgan 20 banddan iborat tinchlik rejasini ilk bor ommaga taqdim etgan edi. 16 yanvar kuni AFP agentligi Zelenskiyga tayanib xabar berishicha, Ukraina va uning Yevropa ittifoqchilari AQSh bilan asosiy parametrlar bo‘yicha kelishib olgan.
Chexiya prezidenti bilan matbuot anjumani vaqtida Ukraina rahbari, shuningdek, Ukraina havo hujumidan mudofaa (HHM) tizimlari uchun yangi raketa paketi olganini ma’lum qildi. Kiyev ilgari o‘q-dori yetishmasligi tufayli bu tizimlarni to‘liq ishlata olmagan. “Bugun ertalabgacha bizda raketasiz turgan bir nechta tizim bor edi. Bugun bu haqda ochiq ayta olaman, chunki bugun bizda bu raketalar bor”, — deb ta’kidladi Volodimir Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa va AQSh davlatlaridan har bir paketni unga shaxsan “sug‘urib olishga” to‘g‘ri keladi.
Avvalroq, 14 yanvar kuni Donald Tramp Reuters agentligiga bergan intervyusida, Rossiyaga nisbatan Ukraina “tinchlik kelishuvi tuzishga kamroq tayyor” ekanini aytgandi. AQSh rahbarligidagi muzokaralar nega to‘rt yillik urushni yakunlashga olib kelmagani haqidagi savolga Tramp “Zelenskiy”, deb javob bergan, ammo tafsilotlarni keltirmagan.
Ukraina rahbari esa 15 yanvar kuni RFning Ukraina energetika infratuzilmasiga davom etayotgan hujumlari Moskva tinchlik istamasligini ko‘rsatayotganini bildirgan. “Aynan Rossiya raketalari, Rossiyaning dronlari va Rossiyaning Ukrainani yo‘q qilishga urinishi — Rossiya umuman kelishuvlarga qiziqmasligining yaqqol isbotidir”, — degan Volodimir Zelenskiy.
Mavzuga oid
15:08
Ukraina sudi Timoshenko uchun 661 ming yevro garov belgiladi
14:28
Shmixal: Ukrainada Rossiya zarbalaridan zarar ko‘rmagan elektr stansiyalari qolmadi
12:17
FT: AQSh “Tinchlik kengashi”ni Ukrainada ham qo‘llash haqida o‘ylamoqda
11:03