O‘zbekiston | 16:50 / 19.01.2026
415
3 daqiqa o‘qiladi

Chaqiruv qog‘ozlari elektronlashtirilishi mumkin: nizom loyihasi 

Chaqiriluvchi va harbiy xizmatga majbur fuqarolarni mudofaa ishlari organlariga elektron tarzda chaqirish va xabardor qilish tartibini belgilaydigan nizom loyihasi e’lon qilindi. 

Foto: Kun.uz 

Loyihaga ko‘ra, chaqiruv xabarnomalari YaIDXP (my.gov.uz) shaxsiy kabineti hamda “Raqamli hukumat”ning Yagona xabardor qilish tizimi orqali SMS ko‘rinishida yuboriladi.

Nizom loyihasiga ko‘ra, vakolatli organ sifatida Mudofaa vazirligi va tuman (shahar) mudofaa ishlari organlari belgilanadi.

Chaqiruv xabarnomasi SMS yoki YaIDXPdagi shaxsiy kabinetga yuborilgan xabar shaklida yetkaziladi.

YaIDXP orqali chaqiruvchiga elektron chaqiruv qog‘ozi yuboriladi, SMSda esa fuqaroning F.I.O., chaqirilish vaqti-manzili va (kabineti borlarga) havola ko‘rsatiladi.

Chaqiruv xabarnomalari dam olish va bayram kunlaridan qat’iy nazar 24 soat yuborilishi mumkin; dam olish kuni yoki ish vaqtidan keyin tushgan holatlarda hisob-kitobda navbatdagi ish kuni asos qilib olinishi belgilangan.

YaIDXPda kabineti bo‘lmaganlarga faqat SMS yuboriladi, kabineti ham yo‘q va rasmiy telefon raqami ham bo‘lmaganlarga chaqiruv qog‘ozi yashash joyi bo‘yicha yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Elektron chaqiruv qog‘ozi (kabinetga kelgan vaqtdan) yoki SMS olingan vaqtdan boshlab yetkazilgan deb hisoblanadi.

SMS yetkazilishi mobil operatorlar tomonidan nazorat qilinib, yetkazilmagan bo‘lsa avtomatik qayta yuborish tartibi nazarda tutilgan.

Fuqarolar chaqiruvga kelmaganlik uchun asosli sabablarni (kasallik, xizmat safari, xorijda bo‘lish va h.k.) elektron yoki yozma tarzda taqdim etish huquqiga ega; bu ma’lumotlar mustaqil komissiya tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi shartligi qayd etilgan.

Agar chaqiruv xabarnomasi yetkazilmagani yoki fuqaro undan xabardor bo‘lmagani aniqlansa, holat fuqaro foydasiga hisoblanishi belgilangan.

Birinchi marta kelmaslik holati asosli sabab bilan bo‘lsa — ogohlantirish, takroran bajarmasa — ma’muriy, faqat ataylab qochish isboti bo‘lsa jinoiy javobgarlik qo‘llanishi mumkinligi aytilgan.

Elektron chaqiruv qog‘ozi O‘zbekiston bo‘ylab qog‘oz shakli bilan teng yuridik kuchga ega deb belgilanmoqda.

Ijro uchun: qonuniylik va shaffoflik bo‘yicha Mudofaa vazirligi, texnik ta’minot va integratsiya bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi mas’ul etib ko‘rsatilgan.

Fuqarolar vakolatli organ xodimlari xatti-harakatlaridan shikoyat qilish huquqiga ega.

Mavzuga oid