Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hamburgda sobiq kansler Shmidtning qabriga svastika chizib ketildi
Germaniyaning sobiq federal kansleri Helmut Shmidt va uning rafiqaci Lokining qabri Hamburgda tahqirlandi, deb xabar beradi dpa axborot agentligi. Qabr toshi ustidagi svastika tasvirlari 18 yanvar, yakshanba kuni kechqurun Olsdorf qabristonida aniqlangan.
Foto: REUTERS
Nemis tabloidi Bild yozishicha, vandalizm izlarini birinchi bo‘lib fotosuratchi payqagan: u yakshanba kuni Olsdorf qabristonida mashhur shaxslarning qabrlarini suratga olayotgan bo‘lgan. Helmut Shmidt va uning rafiqacining ism-shariflari hamda hayot yillari yozilgan qabr toshiga pushti rangda to‘rtta natsist ramzi chizib qo‘yilgan. Erkak darhol politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan.
Hozirga kelib, kansler qabridan svastikalar olib tashlangan. Politsiya bu tasodifiy vandalizm emas, balki siyosiy sabablar bilan bog‘liq jinoyat bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda. Tergov bilan davlat xavfsizligi xodimlari shug‘ullanyapti.
Bu ilk bora emas. Ikki yil avval, 2023 yil dekabr oyida — Rojdestvodan bir kun oldin xuddi shu qabr toshi pushti bo‘yoq bilan chizilgan svastikalar bilan tahqirlangan edi.
Sotsial-demokrat Helmut Shmidt GFRning beshinchi kansleri bo‘lib, 1974 yildan 1982 yilgacha ushbu lavozimni egallagan. Uning davriga 1970-yillardagi jahon iqtisodiy pasayishi va neft inqirozlari, shuningdek, «Qizil armiya fraksiyasi» (RAF) terrorchilik tashkiloti faoliyati bilan bog‘liq so‘l radikal ekstremizm tahdidlari to‘g‘ri kelgan. Shmidt GDR bilan munosabatlarni yaxshilash siyosatini qo‘llab-quvvatlagan va Erix Xonekker bilan muzokaralar olib borgan.
1982 yil 1 oktyabr kuni uning kanslerlik faoliyati konstruktiv ishonchsizlik votumi natijasida yakunlangan. Uning o‘rnini federal kansler sifatida Helmut Kol egallagan. Iste’fodan keyin Shmidt Die Zeit gazetasining hammuallifi-nashrchisi bo‘lgan va kitoblar yozgan.
Helmut Shmidt 2015 yil noyabr oyida vafot etgan. Uning turmush o‘rtog‘i Loki Shmidt esa 2010 yilda olamdan o‘tgan.
Mavzuga oid
14:16
Afg‘onlarning yarmidan ko‘pining Germaniyaga kirish ruxsatnomalari bekor qilindi
10:08
Nemislarning uchdan ikki qismi federal yerlar soni qisqarishiga qarshi
15:22 / 19.01.2026
Germaniyada Suriya rahbari ash-Shar’aning tashrifiga qarshi aksiyalar o‘tkaziladi
14:16 / 19.01.2026