O‘zbekiston | 10:00
801
5 daqiqa o‘qiladi

Vizalarni soddalashtirish, tur-paketlarni muqobillashtirish, noqonuniy migratsiyani kamaytirish: elchi va tadbirkorlar uchrashuvida qanday masalalar ko‘tarildi?

Toshkentdagi “Hilton” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda mehnat migratsiyasi, turizm, eksport-import masalalari, xususan, sertifikatlash, standartlar, logistika, bojxona va viza olish bilan bog‘liq muammolar tadbir kun tartibi markazida bo‘ldi. Tadbirda mahalliy tadbirkorlar 60 dan ortiq xorijiy davlatda faoliyat yuritayotgan elchilar bilan bevosita uchrashib, amaliyotda duch kelayotgan masalalarni muhokama qildi.

Savdo-sanoat palatasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan uchrashuv to‘rt soatdan ortiq davom etdi. Bu vaqt ichida tadbirkorlar o‘z loyihalari, eksport rejalari va investitsiyaga oid savollarini elchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lladi. Tadbirda 12 soha bo‘yicha 300 dan ortiq tadbirkorlar jamlandi.

“Prezidentning elchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida eksportni 40 milliard dollar, turizm oqimini esa 20 millionga yetkazish, shuningdek, migratsiya masalalari ko‘tarilgandi. Bularning barchasini realizatsiya qilishda, albatta, elchilarning yordami kerak. Shuning uchun biz ular bilan tadbirkorlarni bog‘laydigan platforma tashkil etdik. Mutaxassis sifatida ta’kidlash mumkinki, elchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot juda muhim. Bu tadbirkorlarga o‘z mahsulotlarini xorijiy bozorga tanishtirish va eksportni rejalashtirishga ko‘mak beradi. 2026 yilga mo‘ljallagan rejalarimizga ko‘ra, yengil sanoatga 4 milliard, elektrotexnikaga 3 milliard va oziq-ovqat mahsulotlariga 5 milliard dollar ajratiladi. Mahsulot turlariga qarab hozirda qaysi davlatlarda qanday eksport imkoniyatlari mavjudligini aniqlayapmiz. Umumiy hisobda 10 dan ortiq soha bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, – deydi savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov.

Muhokamalar davomida eksport-import faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar tomonidan to‘rtta asosiy taklif ilgari surildi. Birinchisi, xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha iste’molchilar va hamkorlar haqidagi ma’lumotlarni jamlagan yagona baza ishlab chiqish. Bu tadbirkorlarga bozorni tez va aniq o‘rganish, qaysi mahsulotga talab yuqori ekanini oldindan bilish, risklarni kamaytirish va yangi xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish imkonini beradi.

Ikkinchisi, elchixonalar orqali eksport uchun zarur sertifikatlar, hujjatlar va rasmiylashtirish tartiblarini qamrab olgan yagona axborot platformasini shakllantirish. Bunday platforma tadbirkorlarga eksport jarayonini soddalashtirish, xatoliklarni kamaytirish va mahsulotni tegishli standartlarga moslashtirishda asqatadi.

Masalan, O‘zbekistonning agromahsulot eksport qiluvchi kompaniyalari Italiyaga tovar yetkazib berish jarayonida qaysi sanitariya sertifikati va bojxona deklaratsiyasini tayyorlash kerakligini oldindan bilib, mahsulot chegarada to‘xtab qolishining oldini oldi. Yana bir misol, boshqa tadbirkorimiz oziq-ovqat mahsulotlarini Polsha bozoriga chiqarishda onlayn platforma orqali qanday standart talablar va sertifikatlar talab etilishini to‘liq aniqlagan, natijada kompaniya mahsulotni bir necha marta qayta rasmiylashtirishdan qutulgan. Shu tarzda, yagona axborot bazasi tadbirkorlarga eksport jarayonida vaqt va resurslarni tejash, xatoliklarni kamaytirish va yangi bozorlarga muvaffaqiyatli kirishga yordam beradi”, – deydi oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov.

Uchinchi muhim masala – elchixonalar tavsiyasi. Tadbirkorlar elchixonalarning rasmiy tavsiyasi orqali Yevropa va boshqa bozorlarda ishonch qozonish mumkinligini ta’kidladi.

“Elchixonalar davlatlarning rasmiy vakili hisoblanadi va ularning tavsiyasi Yevropa yoki boshqa global bozorlarda biznes uchun katta ahamiyat kasb etadi. Masalan, O‘zbekistondan agromahsulot eksport qiluvchi kompaniya Italiyadagi yirik korxonalardan biri bilan uzoq vaqt aloqa o‘rnata olmayotgandi. Biroq tegishli tashkilot orqali berilgan rasmiy tavsiyadan so‘ng, kompaniya qisqa vaqt ichida muzokaralarni boshlab, kontrakt imzoladi va hozirda ushbu bozorga katta hajmda mahsulot yetkazib bermoqda. Bu aniq misol elchixonalar tomonidan biznesga beriladigan tavsiyalar naqadar samarali ekanini ko‘rsatadi”, –  deydi IBT kompaniyasi asoschisi Shuhrat Ergashev.

To‘rtinchi yo‘nalish eksportyorlar uchun xorijiy bozorlarda ilg‘or tajribalarni o‘rganish, benchmarking va treninglar tashkil etishdir. Bunday format tadbirkorlarga mahsulotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, eng yaxshi amaliyotlarni o‘zlashtirish va eksport jarayonida xatoliklarni kamaytirish imkonini beradi.

Mavzuga oid