Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Putin “Tinchlik kengashi”ga Rossiya aktivlaridan 1 mlrd dollar berishga tayyor
Tashkilot nizomiga ko‘ra, davlatlar Tinchlik kengashida uch yillik vaqtinchalik a’zolikni to‘lovsiz olishi mumkin. Birinchi yil davomida badal to‘laganlar uchun esa doimiy a’zolik kafolatlanadi.
Foto: Sputnik / Ramil Sitdikov
Rossiya Ukrainaga Rossiya armiyasi hujum qilganidan keyin, jumladan AQShda ham muzlatib qo‘yilgan o‘z aktivlaridan 1 milliard dollarni AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tinchlik kengashi”ga o‘tkazishga tayyor. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin chorshanba kuni, 21 yanvarda RF Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, qolgan mablag‘larni “Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilgandan keyin, harbiy harakatlar davomida zarar ko‘rgan hududlarni tiklashga ishlatish mumkin bo‘lar edi”. Putin Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidan vayron bo‘lgan qaysi hududlarni nazarda tutayotganini — Kiyev nazoratida qolgan hududlarmi yoki Moskva tomonidan okkupatsiya qilingan hududlarmi — aniqlashtirmadi. Shuningdek, Moskva AQShning taklifini qabul qilib, “Tinchlik kengashi” a’zosi bo‘lishga tayyormi-yo‘qmi, bu haqda ham aytmadi.
“Tinchlik kengashi” deb ataluvchi mazkur tuzilma dastlab G‘azo sektorda tinchlik yo‘lga qo‘yilishi rejasini ta’minlash uchun tuzilgan. Biroq uning nizomi bilan tanishgan kuzatuvchilar bu organ vakolatlari ancha keng bo‘lib chiqishi mumkinligini qayd etmoqda — shu bois u BMTga raqobatchiga aylanib qolishi ham ehtimoldan xoli emas.
Kutilishicha, “Tinchlik kengashi” nizomi 22 yanvar kuni Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi (JIF)da imzolanadi. “Kengash” raisi Donald Tramp bo‘ladi. Uning ijro qo‘mitasiga, boshqalar qatorida, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Amerika prezidentining kuyovi Jared Kushner va Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi. “Tinchlik kengashi” ishida qatnashish uchun taklifnomalar, jumladan, Germaniya va Rossiya rahbarlariga ham yuborilgan.
Germaniya hukumatida Trampning “Tinchlik kengashi”da ishtirok etish istiqboli shubha bilan qabul qilindi. “Qo‘shimcha xalqaro institutlarga ehtiyoj yo‘q. Bizda BMT bor, yangi organlar tuzish o‘rniga uni kuchaytirish kerak”, — dedi GFR vitse-kansleri Lars Klingbayl 21 yanvar kuni.
Bundan oldin, shuningdek 21 yanvarda Vladimir Putin RF Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bilan bo‘lgan yig‘ilishda Rossiya TIVga kelib tushgan hujjatlarni o‘rganish va bu masala yuzasidan strategik hamkorlar bilan maslahatlashish topshirilganini aytgan edi. “Faqat shundan keyingina bizga yetkazilgan taklifga javob bera olamiz”, — deya Rossiya davlat rahbaridan iqtibos keltirdi “Interfaks” agentligi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh “Tinchlik kengashi”da ishtirok etish uchun jami taxminan 50 nafar jahon yetakchisiga taklifnoma yuborgan. OAV xabarlariga ko‘ra, 21 yanvarga qadar Argentina, Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Vengriya, Qozog‘iston, Marokash, BAA, Vetnam va ayrim boshqa davlatlar rozilik bildirgan.
1 milliard dollar — “Tinchlik kengashi”da doimiy a’zolikka ega bo‘lishni istagan davlatlar bir yil davomida yo‘naltirishi kerak bo‘lgan badal hisoblanadi.