Ko‘chmas mulk | 07:16
6001
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiyaning gigaloyihasi: Jeddah Tower qurilishi muhim bosqichga yaqinlashmoqda

Dunyodagi eng baland binoga aylanishi kutilayotgan inshoot qurilishi jadal sur’atda muhim marraga yaqinlashmoqda. Saudiya Arabistonidagi Jeddah Tower tez orada 100-qavat chegarasiga yaqinlashib, loyihani 2028 yilda yakunlash rejasi sari yana bir qadam tashlamoqda.

Foto: Jeddah Tower / © X

O‘tgan yil noyabrida bino balandligi 69-qavatga yetgani xabar qilingan edi. Dekabr oxirida Thornton Tomasetti muhandislik kompaniyasi bino 80-qavatdan oshganini tasdiqladi, mahalliy aholi bildirishicha qurilish allaqachon 85-qavatga yetib borgan. Agar hozirgi sur’at saqlansa, yaqin haftalarda bino 100-qavatdan oshib, dunyoda shunday balandlikka yetgan taxminan 25 ta binodan iborat “elita klub”ga kirishi mumkin.

Shunga qaramay, yakungacha hali ancha yo‘l bor. Adrian Smith + Gordon Gill (AS+GG) arxitektura byurosi yaqinda osmono‘par bino kamida 157 qavat va Saudiyaning port shahri Jiddada 1 kilometrdan baland bo‘lishini ma’lum qildi. Yakuniy aniq balandlik hozircha ochiqlanmagan. Natijada, inshoot hozirgi rekordchi — Burj-Xalifadan ancha baland bo‘ladi, shuningdek AQShdagi eng baland osmono‘par — One World Trade Center'dan deyarli ikki barobar baland chiqishi kutilmoqda.

Jeddah Tower ichida dunyodagi eng baland kuzatuv maydonchasi, shuningdek lyuks mehmonxona, ofis hududlari va elita xonadonlar joylashadi. Ikki qavatli liftlar yo‘lovchilarni sekundiga 10 metrgacha tezlikda tashiydi — deyarli attraksion kabi.

Jami bino ichida 59 ta lift o‘rnatish rejalashtirilgan, binodagi umumiy maydon esa taxminan 530 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Jeddah Tower yangi shahar tumani uchun markaziy elementga aylanishi kutilmoqda. Loyiha Saudiya shahzodasi Al-Valid bin Talal Al Saud rahbarligida amalga oshirilmoqda va o‘n yildan ortiq vaqtdan beri rivojlanib kelyapti. Ilgari qurilish 60-qavat atrofida to‘xtab qolgan va bir necha yilga muzlatilgan edi, ayrim xabarlarga ko‘ra, kechikishlar valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon boshlagan siyosiy “tozalash”lar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Bu megaloyiha — neftga boy qirollikda amalga oshirilayotgan bir nechta yirik “gigaloyiha”lardan biri, Saudiya dunyodagi eng yirik turistik markazlardan biriga aylanishni maqsad qilgan. Ularning orasida futuristik The Line va ulkan The Mukaab majmuasi ham bor.

Mavzuga oid