Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hokimlar yanvar oyida 400 ga yaqin qarorni asossiz yashirgani ma’lum bo‘ldi
Yil boshidan beri O‘zbekistondagi hokimlar 386 ta qaror va farmoyishni E-qaror tizimida asossiz ravishda yashirib, jamoatchilikka ko‘rinmaydigan tarzda qabul qilgan. Aksilkorrupsiya agentligi hokimliklarga taqdimnoma kiritib, asossiz yashirilgan hujjatlarni ochiqlash va aybdorlarni jazolashni talab qildi.
Foto: Kun.uz
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yil boshidan beri hokimlar tomonidan E-qaror tizimida qabul qilingan va jamoatchilikka ochiqlanmagan qaror va farmoyishlarni o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, viloyat, tuman va shahar hokimliklari tomonidan jami 1907 ta qaror va farmoyish «yashirin» yoki «xizmat doirasida foydalanish uchun» (XDFU) grifi bilan qabul qilingan. Dastlabki o‘rganishlarda bu hujjatlarning 386 tasi asossiz ravishda yashirilgani oydinlashdi.
Yashirilgan qarorlarning 68 tasi tashkiliy tuzilmani tasdiqlash, 46 tasi mablag‘ ajratish, 34 tasi rag‘batlantirish, 156 tasi lavozimga tayinlash hamda 82 tasi boshqa masalalarga oid hujjatlardan iborat.
Ochiqlanmagan hujjatlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlar Farg‘ona (67 ta, 44 foiz), Xorazm (32 ta, 39 foiz), Buxoro (58 ta, 37 foiz), Qashqadaryo (41 ta, 26 foiz) va Samarqand (38 ta, 15 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklariga asossiz yashirilgan 68 ta qaror va farmoyishni ochiqlash va mazkur qonunbuzilishlarning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan mas’ul xodimlarga chora ko‘rish yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan.
Ta’kidlanishicha, har bir qaror va farmoyishga nisbatan belgilangan tartibda huquqiy ta’sir choralari qo‘llanishi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 30 dekabrdagi farmoniga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga E-qaror tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni e’lon qilishda ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralarni qo‘llash vazifasi yuklatilgan.
Mavzuga oid
14:14 / 23.03.2026
Sirdaryoda 2 nafar MIB xodimi pora bilan qo‘lga olindi
09:48 / 23.03.2026
Qashqadaryoda hokim yordamchisi va yetakchi mutaxassis pora bilan ushlandi
08:05 / 18.03.2026
Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat kuchaytiriladi
12:30 / 14.03.2026