Jahon | 14:29
1850
2 daqiqa o‘qiladi

Daily Mail: Mixael Shumaxer yura olmayapti, ammo o‘tira olyapti

“Formula-1”ning yetti karra chempioni Mixael Shumaxer og‘ir bosh miya jarohatidan keyin endi to‘shakka mixlanib qolmagan. Britaniyaning Daily Mail nashri 26 yanvar, dushanba kuni nomlari oshkor etilmagan manbalarga tayanib yozishicha, 57 yoshli sportchi nogironlar aravachasida o‘tira oladi, ammo yura olmaydi.

Foto: Getty Images

Shumaxerga hali ham rafiqasi Korinna qaramoqda. Bundan tashqari, sobiq avtopoygachi hamshiralar va terapevtlar jamoasi tomonidan 24 soat davomida kuzatuv ostida.

Daily Mail “qamalgan odam sindromi” (locked-in syndrome) haqidagi mish-mishlarni ham rad etgan. Bu sindromda inson ongli va his qilish qobiliyati saqlanadi, ammo tashqi ta’sirlarga hech qanday javob qaytara olmaydi — faqat ko‘zi orqali. Nashr manbalaridan biri: “U atrofida bo‘layotganlardan nimanidir tushunayotgandek his bor, lekin ehtimol hammasini emas”, — deb tushuntirgan.

Mixael Shumaxer “Formula-1” tarixidagi eng yaxshi poygachilardan biri hisoblanadi. U Jordan, Benetton, Ferrari va Mercedes jamoalarida jami 19 yil ishtirok etgan va ushbu jahon chempionatida qator rekordlarni o‘rnatgan.

2012 yilda Shumaxer sport faoliyatini yakunlagan, 2013 yil oxirida esa Fransiya Alplaridagi tog‘-chang‘i kurortidagi baxtsiz hodisa oqibatida boshidan og‘ir jarohat olgan. Shundan beri u omma oldida ko‘rinmagan. Shumaxer oilasi uning shaxsiy hayoti daxlsizligi saqlanishiga qattiq e’tibor qaratgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid