O‘zbekiston | 15:09
4194
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari ishdan olindi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq auksionga chiqarib, 120 milliard so‘mga sotib yuborgan.

Prezident raisligidagi yig‘ilishda hozirda «O‘zbekneftgaz» AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligida katta taftish ketayotgani, milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlangani ma’lum qilindi.

Misol uchun, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 milliard so‘mlik yer uchastkasini yopiq autsionga chiqarib, 120 milliard so‘mga sotib yuborgan.

Shu bois, kecha agentlik direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olingan.

«Haqli savol tug‘iladi. Ushbu idoralarda yillar davomida korrupsiya avj olgan bo‘lsa, xavfsizlik masalalari uchun mas’ullar qayerga qaragan?» – degan prezident.

DXX raisiga «O‘zbekneftgaz» AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi uchun mas’ul xodimlarining javobgarligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Komplayens xizmati, Davlat xavfsizlik xizmatiga Davlat aktivlari agentligining mansabdorlariga qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov guruhiga Xavfsizlik xizmatining iqtisodiy masalalarga mas’ul tuzilmalaridan ham mutaxassislarni jalb qilish topshirildi.

«Sotilgan davlat mulklari bo‘yicha har bir holatni sinchkovlik bilan tekshirib, barcha korrupsiyaviy sxemalarni fosh qilsin va jazo muqarrarligini ta’minlasin», – dedi davlat rahbari.

Ma’lumot uchun, Akmalxon Ortiqov 1980 yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan.

Turli yillarda moliya vazirligi tizimida, Namangan va Farg‘ona viloyati hokimliklarida moliya boshqarmalarida ishlagan, 2017 yilda Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari bo‘lgan.

Keyinroq Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari, Vazirlar Mahkamasida kotibiyat mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2020 yil dekabrida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimiga o‘tgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid