Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mubin Mirzayev ishdan olindi
Qo‘mitada yetti yildan buyon ishlab kelayotgan Mirzayevning loqaydligi va mas’uliyatsizligi tanqid qilingan.
Foto: Kun.uz
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Muhiddinovich Mirzayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident raisligidagi videoselektorda ma’lum qilindi.
Davlat rahbari Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi tomonidan Chorsu bozorida to‘lov intizomi joyiga qo‘yilmagani, Malika savdo kompleksida esa ahvol bundan ham ayanchli ekanini ko‘rsatib o‘tgan.
Kompleksda 1,5 mingga yaqin tadbirkor faoliyat yuritsa-da, ularning faqat to‘rtdan biri ro‘yxatdan o‘tgan, 25 foizi oyiga 1 million so‘m ham soliq to‘lamayapti. Shuningdek, dekabr oyida plastik kartalar orqali yechib olingan 600 milliard so‘mlik savdo tushumi yashirilgan.
Toshkent shahar soliq boshqarmasi budjet rejasini yaxshi ishlayotgan tadbirkorlarga ortiqcha to‘lov qildirish hisobidan bajarayotgani, jumladan, 46,4 ming korxonadan 876 milliard so‘m ortiqcha to‘lov undirilganini qayd etilgan.
Soliq qo‘mitasida qo‘shilgan qiymat solig‘idan sun’iy ortiqcha to‘lov hosil qilish orqali uni budjetdan noqonuniy qoplash holatlari ko‘paygan. O‘tgan yilda mazkur soliqni noqonuniy qaytarish bo‘yicha 20 nafar soliq xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Ushbu yo‘nalishga javobgar bo‘lgan, yetti yildan beri ishlab kelayotgan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevning loqaydligi va mas’uliyatsizligi ko‘rsatib o‘tildi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Ma’lumot uchun, Mubin Mirzayev 1969 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat universitetini va Toshkent Moliya institutini tamomlagan, Yaponiya siyosiy tadqiqotlar milliy instituti magistri hisoblanadi. U 2006–2008 yillarda Markaziy bankda monetar siyosat va iqtisodiy tahlil departamentini boshqargan.
Muqaddam O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Mubin Mirzayev 2017 yil avgustida Iqtisodiyot vazirining Makroiqtisodiy siyosat, bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish va xalqaro moliya institutlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.
2018 yil dekabridan buyon soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.
Mavzuga oid
14:47
Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i va Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i ishdan olindi
14:20 / 30.12.2025
Ijtimoiy soliq tushumlarini taqsimlash miqdorlari belgilandi
19:06 / 26.12.2025
Tadbirkorlarga soliq munosabatlarida yengilliklar berildi
08:42 / 26.12.2025