Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jahon chempionati bosh sovrini Toshkentga olib kelindi
Kubok sof oltindan yasalgan bo‘lib, og‘irligi 6,175 kilogrammni tashkil etadi. U FIFA mulki hisoblanadi va sovringa faqat cheklangan doiradagi shaxslar qo‘l tekkizishi mumkin.
Foto: Coca-Cola
27 yanvar kuni FIFA Jahon chempionatining eng nufuzli ramzi hisoblangan bosh sovrin Toshkentga keltirildi. Loyiha Coca-Cola kompaniyasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan FIFA Jahon chempionati kubogi safari doirasida tashkil etildi.

Bu gal kubokni O‘zbekistonga Italiya terma jamoasi safida jahon chempioni bo‘lgan Marco Materazzi boshchiligidagi delegatsiya olib keldi. Tantanali kutib olish marosimi Toshkent xalqaro ayeroportida bo‘ldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, shuningdek, O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasining bosh direktori Kazumasa Mukaye va Coca-Cola İçyecek kompaniyasi bosh direktori Furkan Aydin ishtirok etdi.

Tadbir doirasida so‘zga chiqqan O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasining bosh direktori Kazumasa Mukaye ushbu tashrifning ramziy va tarixiy ahamiyatiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonga olib kelingan kubok Jahon chempionati finalida g‘olib futbolchilar qo‘liga ko‘taradigan haqiqiy kubok hisoblanadi.

“Biz bu kubokni butun dunyo bo‘ylab olib yuramiz. Asosiy maqsad odamlar Jahon chempionati hayajonini yaqindan his qilishi, futbolning birlashtiruvchi kuchini ko‘rishi”, – dedi O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasining bosh direktori Kazumasa Mukaye
U, shuningdek, Coca-Cola kompaniyasi o‘nlab yillar davomida FIFA Jahon chempionati kubogi safarining rasmiy homiysi bo‘lib kelayotganini ta’kidladi.

Kubok tashrifi doirasida “Bunyodkor” stadionida musobaqalar tashkil etildi. Unda o‘smirlar terma jamoalari ishtirokida mashg‘ulotlar, mahorat darslari va ramziy o‘yinlar o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida milliy terma jamoa afsonalari yosh futbolchilar bilan bir maydonga tushdi. O‘yinlarga Ravshan Irmatov hakamlik qildi. Ikki bo‘limdan iborat uchrashuvlar futbol sharhlovchisi Davron Fayziyev tomonidan jonli sharhlandi va Assotsiatsiyaning rasmiy ijtimoiy tarmoqlari orqali namoyish etildi.

Shundan so‘ng, futbolchilar va muxlislar uchun avtograf-sessiya, suratga tushish, sovg‘alar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani alohida e’tirof etildi. O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasining bosh direktori Kazumasa Mukaye bu natijani mamlakat futboli uchun yangi bosqich deya baholadi.
“Bu o‘zbek futbolining jahon sahnasiga chiqayotgani yaqqol ramzi. Biz mazkur milliy g‘ururni siz bilan birga his qilamiz,” – dedi u.

Coca-Cola kompaniyasi O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi bilan besh yillik hamkorlikni boshlayotganini ma’lum qildi. Hamkorlik doirasida milliy terma jamoa va yosh futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.