O‘zbekiston | 17:33
7527
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 16 operator faoliyat yuritgan “kiberbunker” fosh etildi

Chilonzor tumanida ko‘p qavatli uy yerto‘lasida “kiberbunker” aniqlandi. Unda 16 nafar operator ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan. Guruh a’zolarining boshqa hududlardagi firibgarlik holatlariga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida noqonuniy “kiberbunker” faoliyati fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, viloyat IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda poytaxtning Chilonzor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uy yerto‘lasida noqonuniy Call markaz – “kiberbunker” aniqlangan.

Andijon viloyatida yashovchi, muqaddam firibgarlik jinoyati bilan ikki marta sudlangan 32 yoshli J.T. va uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularga go‘yoki onlayn savdo platformasining “yutuqli o‘yini” g‘olibi bo‘lgani haqida yolg‘on ma’lumotlar bergan. Ular “sovg‘a” uchun to‘lov fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan vaqtincha “Alhikma Ilm” MChJga o‘tkazilishini, keyinchalik esa ushbu mablag‘lar ularning korxonasi tomonidan qoplab berilishini va’da qilib, jabrlanuvchilardan mablag‘lar o‘tkazilishiga erishgan.

Shuningdek, guruh a’zolari savdo platformasida o‘zlarini go‘yoki mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Mahsulot yetkazib berishni talab qilgan yoki “ustingizdan shikoyat qilaman” deya norozilik bildirgan ayrim xaridorlarga ataylab juda arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mutlaqo mos kelmaydigan mahsulotlar yuborgan. Bu yo‘l bilan jabrlanuvchilarning e’tibori chalg‘itilib, ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitlarini to‘liq o‘zlashtirishga erishilgan. Mablag‘lar o‘tkazib bo‘lingach, ko‘p hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa butunlay uzib qo‘yilgan.

Tekshiruvlar davomida “Alhikma Ilm”, “Aksiya Tech Shoop” va “Grandbook” MChJlar orqali “kiberbunker”da 16 nafar operator faoliyat yuritgani, ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, dastlabki tergovga qadar 50 kishining 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgani aniqlangan. Tezkor tadbir davomida 22 ta kompyuter jamlanmasi, mobil telefonlar, SIM-kartalar, bank plastik kartalari hamda 2 500 nafardan ortiq fuqaroning to‘liq qayd etilgan shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari ro‘yxatlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, hozirda guruh a’zolarining boshqa hududlardagi firibgarlik holatlariga aloqadorligi, shuningdek, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash va qoplash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

“Alhikma Ilm”, “Aksiya Tech Shoop” va “Grandbook” MChJlar faoliyati bilan bog‘liq firibgarlik holatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolar Toshkent viloyati IIBBning +998717622135, +998717622024, +998717622025 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari so‘ralgan.

O‘zbekistonliklar 11 oyda kiberjinoyatlardan 1 trln 890 mlrd so‘m zarar ko‘rdi

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров

Mavzuga oid