Jahon | 08:32
1162
3 daqiqa o‘qiladi

Mers: Ukraina 2027 yilgacha YeIga kirolmaydi

Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainaning 2027 yil 1 yanvarigacha Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkin emasligini aytdi. GFR rahbari so‘zlariga ko‘ra, avval Kiyev Kopenhagen mezonlarini bajarishi kerak, bu jarayon esa odatda bir necha yil talab qiladi.

Foto: Michael Kappeler/dpa

Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga tez orada kirishi uchun imkoniyat ko‘rmayapti. “2027 yil 1 yanvarigacha kirishi istisno qilinadi. Bu mumkin emas”, — dedi Germaniya hukumati rahbari chorshanba, 28 yanvar kuni Berlinda koalitsiya qo‘mitasi yig‘ilishi ortidan. Yig‘ilishda hukmron konservativ blok XDI/XSI va Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) rahbarlari ishtirok etgan.

Mers ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishni istagan har qanday mamlakat avval “Kopenhagen mezonlari” deb ataluvchi talablarni bajarishi shart, bu esa, odatda, bir necha yil davom etadi. Shu bilan birga, kansler Ukrainaga istiqbol berish muhimligini, bu esa mamlakatning YeIga kirishi yo‘lini ochishini qayd etdi.

Kopenhagen mezonlari — 1993 yilda qabul qilingan, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishni istagan nomzod mamlakatlar uchun asosiy talablardir. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi: demokratiya, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va ozchiliklar himoyasini kafolatlaydigan barqaror davlat institutlarining mavjudligi, ishlaydigan bozor iqtisodiyoti, shuningdek, YeI qonunchiligi bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilishga tayyorlik.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar haqida gapirar ekan, Fridrix Mers Germaniya AQSh va Ukraina delegatsiyalari bilan yaqin aloqada ekanini bildirdi. “Biz, shuningdek, birgalikda hujjatlarni tayyorladik, va hozir, eng avvalo, Ukraina va Rossiya tomoni o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borilayotgani yaxshi. Ular imkoni boricha tezroq natijaga olib kelishiga umid qilamiz”, — deya ta’kidladi kansler. U shunday qo‘shimcha qildi: muzokaralar doirasida GFR vositachi rolida emas, balki Ukrainaga bu urushni yakunlash istagida ittifoqchi sifatida qatnashmoqda.

GFR vitse-kansleri va moliya vaziri Lars Klingbayl esa Ukrainada tinchlik bo‘yicha muzokaralarda Mersning sa’y-harakatlarini alohida qayd etdi. “Yevropa ma’lum muddat muzokaralar jarayonidan chetda qolib ketgan edi, aynan federal kansler tufayli yaqin aloqa qayta tiklandi — ham Ukrainaning yevropaliklar bilan, ham amerikaliklarning yevropaliklar bilan”, — dedi GSDP hamraisi.

Biroq Klingbayl fikricha, Germaniya, Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar hozirgi paytda o‘rinsiz bo‘ladi: “Yevropa davlatlari va hukumatlari rahbarlari yana qachon Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashadi — buni keyinroq hal qilishga to‘g‘ri keladi. Ammo hozir — aynan o‘sha payt emas”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid