O‘zbekiston | 14:52
5009
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta oxirida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

O‘zbekistonda ketma-ket yog‘ingarchilik va sovuq kunlar ortidan havo harorati ko‘tarilishi kutilmoqda.

Juma kuni O‘zbekiston hududiga Turkmanistondan nam havo massalari kirib keladi, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat +4…+7 daraja atrofida, shimolda –2 darajagacha bo‘ladi.

Dam olish kunlari respublika hududiga Turkmanistondan biroz nam va nisbatan iliq havo massalari kirib kelishi kuchayadi, O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi mumkin. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. 30 yanvarda respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chimshi xavfi bor.

O‘zbekiston hududi bo‘yicha harorat foni ko‘tariladi, kechalari sovuq chekinadi va 1 fevral kuniga borib, kechalari +1…+6 daraja atrofida bo‘ladi, kunduz kunlari +10…+15 darajagacha ko‘tariladi.

Toshkent shahrida juma kuni kechga tomon yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin. Ertalab tuman tushadi. Yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak kuzatiladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi. Harorat +3…+5 daraja bo‘ladi.

Shanba va yakshanba kunlari biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. G‘arbiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi. Havo harorati 31 yanvarda kechasi –1…+1 daraja, kunduzi +8…+10 daraja, 1 fevralda kechasi +3…+5 daraja, kunduzi +12…+14 daraja bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid