Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zgidromet: Iyul oyida O‘zbekistonda kuchli issiqlar kutilmoqda
O‘zgidrometning dastlabki prognoziga ko‘ra, iyul oyida O‘zbekistonda havo harorati iqlim me’yoridan yuqori bo‘ladi. Ayrim kunlari respublika shimoli, janubi va cho‘l hududlarida harorat 45 darajagacha ko‘tarilishi, oy davomida esa asosan quruq va yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanishi kutilmoqda.
O‘zgidromet ma’lum qilishicha, iyul oyi O‘zbekistonda yilning eng issiq oyi hisoblanadi. Odatda ushbu oyda respublika hududining katta qismida kunduzgi o‘rtacha maksimal havo harorati 35–37 darajani, janubiy va cho‘l hududlarida esa 38–40 darajani tashkil etadi.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, deyarli har yili iyul oyida havo harorati 40–42 darajagacha, ayrim shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 43–45 darajagacha ko‘tariladi. Eng issiq yillarda esa harorat 47–50 darajagacha yetgan holatlar ham kuzatilgan.
Bu yil iyul oyining dastlabki besh kunida havo nisbatan qulay bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat 30–35 daraja, janubda 36–39 daraja atrofida bo‘ladi. Birinchi o‘n kunlikning oxiriga kelib esa issiq kuchayib, kunduzgi harorat 37–40 darajaga, janubda 41–43 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Keyingi davrda oy oxirigacha harorat asosan 33–43 daraja oralig‘ida bo‘lib, respublika shimoli, janubi va cho‘l hududlarining ayrim joylarida 45 darajagacha yetishi ehtimol qilinmoqda.
Prognozga ko‘ra, iyul oyida o‘rtacha havo harorati iqlim me’yoridan 1,5–3 darajaga yuqori bo‘ladi. Eng katta musbat og‘ish shimoliy va cho‘l hududlarida kuzatilishi kutilmoqda.
O‘zgidromet so‘nggi yillarda 40 daraja va undan yuqori haroratli kunlar soni ortib borayotganini qayd etdi. Masalan, Toshkentda 2019 yil iyul oyida ketma-ket 14 kun davomida havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lgan. 2025 yil iyul oyi ham shunga yaqin darajada issiq kechgan.
Iyul oyida respublika bo‘yicha asosan quruq ob-havo hukm suradi. Faqat ayrim kunlarda tog‘oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Oylik yog‘ingarchilik miqdori esa ko‘p yillik me’yordan kam bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Mavzuga oid
15:36 / 29.06.2026
Hafta davomida harorat pasayib, yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
12:27 / 26.06.2026
Hafta oxirida o‘zgaruvchan havo kuzatiladi
20:01 / 22.06.2026
Qurg‘oqchil havo: jazirama hafta fermerlar uchun qanday xavflar tug‘diradi?
11:37 / 22.06.2026