Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tesla Model S va Model X elektromobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatmoqda
Tesla kompaniyasi rahbari, amerikalik multimilliarder Ilon Mask investorlar bilan telefon konferensiyasi vaqtida Tesla’ning eng qimmat modellaridan bo‘lgan Model S va Model X elektromobillarini ishlab chiqarish to‘xtatilishini e’lon qildi.
Foto: Tesla
AQShning CNN telekanali 29 yanvar, payshanbaga o‘tar kechasi (mahalliy vaqt bo‘yicha) xabar berishicha, ularni ishlab chiqarishni 2026 yilning ikkinchi choragida bosqichma-bosqich tugatish rejalashtirilmoqda. Maskning aytishicha, Kaliforniya shtatidagi Frimont shahrida joylashgan, Model S va Model X ishlab chiqarilgan zavod Optimus nomli odamsimon robotlarni ishlab chiqarish uchun qayta jihozlanadi.
Bundan tashqari, CNN ta’kidlashicha, Tesla rahbari “kompaniyaning elektromobillar savdosi — u dunyoning ommaviy bozoriga chiqishiga yordam bergan mahsulot — yaqin orada Tesla uchun ikkinchi darajali masalaga aylanishi mumkinligiga ishora qildi”. Tesla ikki flagman elektromobil modelini ishlab chiqarishni to‘xtatishini 2025 yil oxirida qayd etilgan foyda va sotuv hajmlari sezilarli pasaygani fonida e’lon qildi.
Nashrga ko‘ra, Model S va Model X’dan voz kechish Ilon Mask kompaniyasining aylanmasiga katta ta’sir ko‘rsatmasligi ehtimol. Telekanal: “Model S va Model X ishlab chiqarish to‘xtatilishi Tesla sotuvlariga cheklangan ta’sir ko‘rsatadi. Ikkalasi birgalikda kompaniyaning butun dunyo bo‘yicha yetkazib berishlar umumiy hajmining atigi 3 foizini tashkil qiladi”, — deb bildirgan.
CNN, shuningdek, ko‘plab amerikalik va yevropalik iste’molchilar orasida Tesla’ning imijiga Maskning siyosiy faolligi va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan saylov kampaniyasi davrida hamda Tramp prezidentligining ilk oylaridagi hamkorligi sezilarli ta’sir ko‘rsatganini qayd etadi — bu Mask hukumat samaradorligi departamenti (DOGE)da ishlagan davrga to‘g‘ri kelgan.
Yevropa Ittifoqida 2025 yilda Tesla elektromobillari sotuv hajmi ikki baravardan ham ko‘proq pasaydi. Xususan, YeI mamlakatlarida aprel oyida 5475 ta Tesla avtomobili sotilgan — bu 2024 yilning shu oyiga nisbatan 52,6 foiz kam, deb xabar bergan 27 may kuni Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilar uyushmasi ACEA. 2025 yilning ilk to‘rt oyida Tesla sotuv ko‘rsatkichlari yillik hisobda 46,1 foizga pasayib, 41 677 ta avtomobilni tashkil etgan.
Shu bilan birga, ACEA ma’lumotlariga ko‘ra, YeIda aprel oyida umumiy elektromobillar sotuvi 2024 yil apreliga nisbatan 26,4 foizga oshgan. Bunda elektr uzatmali avtomobillarning ulushi 15,3 foizni tashkil etgan. Eng ommaviy model Skoda Elroq bo‘lgan, avvalgi yetakchi — Tesla Y esa faqat 9-o‘rinni egallagan.
Umuman olganda, 2025 yil may oyiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Mask kompaniyasini sotuv ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘qqizta raqib ortda qoldirgan — ular orasida Germaniyaning Volkswagen va BMW, Fransiyaning Renault hamda Xitoyning BYD brendi ham bor.
Mavzuga oid
16:06 / 28.01.2026
YeIda yangi avtomobillar bozori gibrid va elektromobillar hisobiga o‘sdi
13:58 / 03.01.2026
BYD sotuvlar hajmi bo‘yicha Tesla'dan o‘zib ketdi
20:28 / 07.11.2025
Tesla aksiyadorlari Ilon Maskka bir trillion dollarlik bonus berishga rozi bo‘ldi
20:28 / 03.11.2025