Jamiyat | 20:10 / 31.01.2026
5123
5 daqiqa o‘qiladi

U jinoyati uchun emas, rost gapirgani sababli qatl qilindi - “Begona”

Insonlar bir-birining ko‘ngliga qarashi, avaylashi kerak, deb hisoblaymiz. Biroq doim ham ichingdagini yashirish, yon-atrof uchun rol o‘ynab berishning o‘zi bo‘lmaydi, charchaysiz. Bugun “5 daqiqa”da dunyoning eng taniqli adiblaridan biri Alber Kamyuning “Begona” qissasi orqali jamiyatda rol o‘ynashni istamagan inson fojiasi haqida gaplashamiz.

Kitobning birinchi jumlasini o‘qiboq, bezovta bo‘lasiz. E’tibor qiling: “Bugun onam o‘ldi. Yoki kechamikan, bilmayman”. Hech shunaqa bo‘lishi mumkinmi? Chunki biz ona o‘limi haqida bunday sovuq, befarq gapirishga o‘rganmaganmiz axir.

Asar qahramoni Merso oddiy odam. Uning hayotida katta maqsadlar, baland orzular, jamiyatni qutqarish istagi yo‘q. Lekin u bir jihati bilan boshqalardan farq qiladi. Merso yolg‘on gapirmaydi. Va aynan shu rostgo‘ylik uning fojiasiga aylanadi.

Onasining o‘limi haqida xabar kelganida, Merso qayg‘uni jamiyat kutgan shaklda namoyon etmaydi. U yig‘lamaydi, iztirob chekyaptimi yo‘qmi, bildirmaydi. Aksincha, uni boshqa narsalar bezovta qiladi: Marosimlar uchun ishdan ruxsat so‘rash kerak, boshliqning qovog‘iga qarash lozim, dam olish kuni ham rasvo bo‘ladi endi. Merso shular haqida o‘ylaydi.

Yigit onasining tobuti yonida tunni o‘tkazadi. Bu sahna juda muhim. Chunki odatda adabiyotda bunday paytda qahramonning ichki dramasi ochiladi. Lekin, Merso o‘sha yerda ham o‘zini boshqacha tutadi. Issiqdan bezovta bo‘layotganini, xonada nafas olish qiyinlashganini hech kimdan yashirmaydi. U mayit oldida sigaret chekadi, ozgina mizg‘ib ham oladi.

Boshqalarga o‘xshamagan odam - eng xavfli odam...

Dafn marosimidan keyin Merso hayotini davom ettiradi. U dam oladi, ko‘cha aylanadi, Mari ismli qiz bilan tanishadi. Mari hayotni yaxshi ko‘radigan, ta’sirchan qiz. U Mersoni yoqtirib qoladi. Ular birga vaqt o‘tkazadi, kino ko‘rishadi, dengizda suzishadi. Bu joyda o‘quvchida norozilik paydo bo‘ladi. “Qanday qilib kechagina onasi o‘lgan odam shunday qila olishi mumkin?”

Kamyu aynan shu savol orqali jamiyatning ikkiyuzlamachiligini ochadi. Chunki jamiyat insonning ichki holatini emas, uning tashqi harakatini baholaydi. Agar inson qayg‘uni jamiyat belgilab bergan qolipda ko‘rsatmasa, u begona, deb hisoblanadi.

Asardagi eng keskin nuqta plyajda sodir bo‘lgan qotillikdir. Yigit nafratlanmasdan, qasos yoki oldindan o‘ylanmagan reja bilan bir odamni o‘ldirib qo‘yadi. Yigitning peshonasini quyosh qizdirib, ko‘zini qamashtiryotgani go‘yoki g‘ashini keltiradi. Qotillik inson irodasidan tashqarida sodir bo‘lganday tasvirlanadi. Yozuvchi shu orqali inson taqdirini ba’zan katta qarorlar emas, kichik lahzalar hal qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.

"Begona"larga oramizda o‘rin yo‘q...

Kitobning ikkinchi qismida sud jarayonlari boshlanadi. Va aynan shu yerda asarning haqiqiy fojiasi ochiladi. Chunki sud Mersoni odam o‘ldirgani uchun emas, onasining dafn marosimida yig‘lamagani uchun sud qiladi. Sudda qotillikdan ko‘ra, Mersoning xulqi, so‘zlari, xarakteri muhokama qilinadi.

Prokurorlar Mersoni “qalbi yo‘q odam” sifatida ko‘rsatadi. Ular uchun u xavfli. Chunki u jamiyat qoidalariga bo‘ysunmaydi. U yolg‘on bilan o‘zini oqlamaydi. U pushaymonlikni sahnalashtirmaydi. Kamyu bu bilan jamiyat rostgo‘y odamlardan qo‘rqadi, chunki ular qoliplarga tushmaydi, demoqchi bo‘ladi.

Merso o‘zi yashayotgan jamiyatning ma’nosiz ekanini anglaydi. Lekin u bundan qochmaydi. Aksincha, aynan shu bema’nilikni qabul qilish unga xotirjamlik beradi. U hayotni qanday bo‘lsa, shunday qabul qiladi.

Xulosa

Ko‘pincha rostgo‘yman deymiz. Biroq odamlarning gap-so‘zi, yuz-xotirini hisobga olib ichimizdagini yashiramiz. Insonlar shunday yashayapti-ku, odamlar qilyapti-ku, deb o‘zimizga qarshi boramiz, biz ham hammaga o‘xshashga intilamiz. Begona bo‘lmaslik uchun ba’zida o‘zligimizni yo‘qotishga majbur bo‘lamiz.

“Begona” - juda murakkab asar. Siz bu kitobni yopib qo‘yganingizdan keyin ham o‘qishdan to‘xtamaysiz, miyangiz tahlil qilishda davom etadi. Va ishonamanki, ushbu kitob sizning sevimli asarlaringizdan biriga aylanib qoladi.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов

Mavzuga oid