Qodiriy qatl etilganiga qariyb to‘qson yil bo‘ldi. U “O‘tkan kunlar” romanining davomini oradan yuz yil o‘tib yozdi, desam ishonasizmi? Adabiyotda shunaqasi ham bo‘lib turadi. Faraz qiling, Qodiriyning qo‘lyozmasi - “Yaldo kechasi” topib olindi va uni O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov oqqa ko‘chirdi.
Bu tarixiy roman millatning juda uzoq cho‘zilgan qorong‘i kechalari, Turkistonning haqiqiy qayg‘usi haqida hikoya qiladi. «5 daqiqa»ning navbatdagi sonida shu haqida gaplashamiz.
“Yaldo kechasi” adabiy mistifikatsiya usulida yozilgan. Bu shunday uslubki, go‘yoki Abdulla Qodiriy yozishga yoki aytishga ulgurmagan milliy qismat haqidagi hikoya boshqa bir qalam orqali davom ettirilayotgandek taassurot uyg‘otadi.
Qodiriyning asari Otabekning Oq poshsho qo‘shinlariga qarshi kurashda shahid bo‘lishi bilan yakunlanadi.
“Yaldo kechasi”da esa Otabek Qo‘qon xonining norasmiy maslahatchisi sifatida namoyon bo‘ladi. U Markaziy Osiyoning o‘sha paytdagi tumshug‘idan narini ko‘rmay qo‘ygan siyosiy elitasini - xonliklarni birlashtirish, murosa qildirish yo‘lida harakat qilardi. Amiru xonlarimiz esa o‘zaro ziddiyatda, bir-birining go‘shtini yeyishga tayyor, millatning ahvolu sa’jiyasi undan ham ayanchli edi.
Qodiriy milliy fojianing boshlanishini ko‘rsatgan bo‘lsa, Xayriddin Sultonov uning keyingi bosqichlarini - mustamlaka, jadidchilik, ma’rifat kurashi, sovet istibdodi va milliy xotiraning yangi sinovlarini ochib beradi. Shu ma’noda Yodgorbek obrazi Otabekning ma’naviy vorisi sifatida gavdalanadi. Ular orasida qarindoshlikdan ko‘ra g‘oyaviy bog‘liqlik kuchliroq edi. Ikkalasi ham millat taqdiri uchun yashaydigan, zamondan oldin tug‘ilgan insonlar edi.
Yodgorbek yangi uslubdagi “Najot” maktabini quradi. Bu orqali jadidchilik oddiy ta’lim islohoti emas, balki milliy qutqaruv harakati sifatida talqin qilinadi. Muallif maktab qurilishini xuddi muqaddas imorat barpo etilayotgandek tasvirlaydi.
Yodgorbek millatni qutqarishning yagona yo‘li ilm va ong uyg‘onishi ekanini anglaydi. U qurdirgan maktab tasviri orqali muallif ikki qatlam to‘qnashuvini ko‘rsatadi: biri - asrlar davomida qotib qolgan jaholat muhiti, ikkinchisi - yangilanishga intilayotgan milliy tafakkur. Maktab atrofida tarqalgan mish-mishlar, “kofirona dargoh”, “butxona”, “Injil” o‘qitilar ekan” degan to‘hmatlar jamiyatning ma’naviy ahvolini ochib beradi.
Mana shunday og‘ir ijtimoiy muhit ichida ziyoli bo‘lmoq ham azob edi.
















