O‘zbekiston | 09:33
529
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘mir qazib olishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish rejalashtirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni ko‘mir va uran sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar hamda yaqin istiqbol rejalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Unda ko‘mir ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va sohada raqobat muhitini kuchaytirish uchun xususiy sektor ishtirokini kengaytirish rejalari ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz 

Taqdimotda qayd etilishicha, 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan mavsumga nisbatan 1,3 million tonnaga ko‘p. Hozirgacha 9 million tonna ko‘mir qazib olingani, o‘sish 590 ming tonnani tashkil etgani aytildi. Keyingi mavsumda ishlab chiqarish hajmini 11 million tonnaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.

Belgilangan maqsadlarga erishish uchun Toshkent va janubiy hududlarda joylashgan konlarni o‘zlashtirishni jadallashtirish, selektiv qazib olishni kengaytirish hamda autsorsing asosida qo‘shimcha ekskavator va texnikalar jalb qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, xususiy tadbirkorlar ishtirokini kengaytirish orqali 2026 yilda qo‘shimcha 2,5 million tonna ko‘mir qazib chiqarish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Prezident rejalashtirilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid