Jahon | 14:32
991
3 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Rossiya gazi importi taqiqi sabab Yevroittifoq sudiga murojaat qildi

Vengriya tashqi ishlar vaziri mamlakat Yevropa ittifoqi sudi (Lyuksemburgdagi Yevropa sudi) da’vo arizasi berganini bildirdi. Da’vo REPowerEU reglamentini bekor qilishni ko‘zlaydi - ushbu reglament Rossiyadan energiya resurslari import qilishni taqiqlaydi. Peter Siyyarto bu haqda 2 fevral, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.

Foto: Sipa USA

Siyyartoning aytishicha, da’vo 3 ta asosiy dalilga tayanadi: birinchidan, energiya resurslari importini faqat sanksiyalar orqali taqiqlash mumkin, sanksiyalar esa yakdil qaror (barcha a’zolarning bir ovozdan roziligi)ni talab qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, REPowerEU reglamenti “savdo siyosati chorasi” ko‘rinishida qabul qilingan. 

Ikkinchidan, Yevropa ittifoqi shartnomalarida har bir a’zo davlat energiya manbalari va yetkazib beruvchilarni tanlash masalasini o‘zi hal qilishi aniq yozilgan. 

Uchinchidan, “energetik hamjihatlik” tamoyili barcha a’zo davlatlar uchun energiya ta’minoti xavfsizligini ta’minlashni talab qiladi. Vazir fikricha, aynan Budapeshtga nisbatan bu tamoyil buzilgan: Rossiyadan keladigan ta’minotga nisbatan faqat qimmatroq va kamroq ishonchli muqobillar qolgan, bu esa venger oilalar uchun kommunal to‘lovlarni past darajada ushlab turishga imkon bermaydi, deydi u.

Vengriya TIV rahbari sud jarayoni, ehtimol, 1,5–2 yil davom etishini aytdi. Shu bilan birga, u Viktor Orban boshchilik qiladigan FIDeS - Vengriya fuqarolik ittifoqi partiyasi 12 aprel kuni parlament saylovlarida g‘alaba qozonishi kerakligini, shunda sud ishini oxirigacha yetkazish mumkinligini bildirdi.

Bundan oldin, 27 yanvar kuni Robert Fitso Slovakiya Budapesht bilan harakatlarini muvofiqlashtirishini aytgan edi.

Avvalroq Yevropa ittifoqi 2027 yil 1 noyabrgacha Rossiyadan gaz import qilishdan to‘liq voz kechish haqida qaror qabul qilgan. Gaz ta’minotiga qo‘yilgan taqiq 26 yanvar kuni ko‘pchilik ovozi bilan tasdiqlangan.

STG (suyultirilgan tabiiy gaz) importi 2026 yil oxirigacha to‘xtatilishi kerak. Quvur orqali yetkazib berishlar — 2027 yil 30 sentabrgacha to‘xtatiladi.

Ammo, agar YeI davlatlari gaz omborlarini to‘ldirishda qiyinchilikka uchrasa, muddat 2027 yil 1 noyabrgacha uzaytirilishi mumkin.

Shuningdek, Rossiya bilan yangi gaz shartnomalarini tuzish ham taqiqlanadi. U yangi qonun kuchga kirganidan 6 hafta o‘tgach amal qila boshlaydi.

Bu qaror Germaniya uchun “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim — 2” quvurlarini ishga tushirish ehtimolidan batamom voz kechishni anglatadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid