Sport | 11:13
6377
7 daqiqa o‘qiladi

«Siti» ham finalga chiqdi

«Shaharliklar»ni endi martda «Arsenal»ga qarshi katta o‘yin kutmoqda. Bu – Husanov Angliyadagi ilk sovrinni qo‘lga kiritishi uchun imkoniyat bo‘ladi. U ketma-ket to‘qqizinchi o‘yinda to‘liq harakat qildi va klubda o‘zi tomonidan o‘rnatilgan rekordini yangiladi.

Foto: Marc Atkins/Getty Images

Angliya ligasi kubogi, yarimfinal, javob uchrashuvi
«Manchester Siti» – «Nyukasl Yunayted» 3:1
Gollar:
Marmush, 7 (1:0). Marmush, 29 (2:0). Reynders, 32 (3:0). Elanga, 62 (3:1)
«Manchester Siti»: Trafford, Ake (Alleyn, 46), Husanov, O`Rayli (Rodri, 71), Mateus Nunes, Gonsales (Lyuis, 83), Reynders, Foden (Sherki, 72), Ayt Nuri, Semenyo (Holand, 71), Marmush
«Nyukasl Yunayted»: Ramsdeyl, Botman, Byorn, Tiau, Tonali, Remsi, Holl (Vissa, 46), Trippiyer (Osula, 76), Uillok (Elanga, 46), Gordon (Barns, 44), Voltemade (Myorfi, 46)
Ogohlantirishlar: Mateus Nunes, 27. Gonsales, 78. Rodri, 90
(Birinchi o‘yin 2:0)

Angliya ligasi yarimfinalining «Sent-Jyeyms Park»da kechgan birinchi o‘yinida «Manchester Siti» javobsiz ikki gol urgandi va bu javob uchrashuvida mezbonlarning bosimsiz harakat qilishini ta’minladi.

Birinchi o‘yindagidan farqli o‘laroq, «Manchester Siti» hujum chizig‘ida bu safar Holand emas, Marmush ilk daqiqalardan harakat qildi. Gvardiolaning bu qarori to‘g‘ri bo‘lib chiqdi – misrlik hujumchi yarim soat ichida dublni rasmiylashtirdi.

«Nyukasl» gol urish uchun oldinga borishi va hujum qilishi talab etilardi. Mezbonlar to‘pga egalik qilishdi va kombinatsiyalar uyushtirishdi, mehmonlar esa o‘rta blokda pressing qilishga va qarshi hujumlarga o‘tishga harakat qildi. Ammo yettinchi daqiqadayoq «Manchester Siti» shu kuni besh himoyachi bilan tushgan «qarg‘alar» mudofaasini yorib o‘tdi – Marmush Reynders bilan devor uslubida o‘ynab, jarima maydoniga kirib bordi va zarba berish pozitsiyasida paydo bo‘ldi. Mehmonlar himoyachisi Byorn podkat bilan to‘pga ulgurdi, ammo to‘pni uzoqlashtira olmadi va to‘p misrlik hujumchi orqali baribir darvoza to‘riga borib tushdi.

Gvardiola jamoasi tezroq, bir maromda va kreativroq harakat qildi. Jamoalar darajasidagi farq yaqqol ko‘zga tashlanardi. «Nyukasl» ikkita o‘ta xavfli vaziyatdan foydalana olmadi. Birinchi vaziyatda «Manchester Siti» futbolchilarining muvaffaqiyatsiz pressingi Uillok darvozabon bilan yakkama-yakka  vaziyatga chiqib borishiga olib keldi, ammo Trafford maydon egalarini muqarrar goldan qutqarib qoldi. Mehmonlar havbek darvozabonni aldab o‘tishga qaror qilgandi, ammo to‘pni oldirib qo‘ydi. Keyin esa mehmonlar Ramsdeylning uzun uzatmasidan keyin ikkinchi qavatdagi kurashda to‘pni yutib olishdi va Gordon yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi. Bu vaziyatda ham Donnarummaning o‘rinbosari ajoyib seyv ijro etdi.

Shundan keyin o‘yin faqat bir darvoza tomonga kecha boshladi – Gvardiola jamoasi ketma-ket vaziyatlar yaratdi. O‘yinning yarim soati ortda qolayotganida Trafford boshlab bergan hujum Marmushning ikkinchi goli bilan yakunlandi. Hujum davomida Reynders to‘pni raqib jarima maydoniga qadar olib bordi va Semenyoga pas berdi, vinger esa darvozabon hududida ochilayotgan misrlik jamoadoshiga to‘p uzatdi. Trippiyer to‘p yo‘lini to‘sishga harakat qildi, ammo buni yaxshi uddalay olmadi. To‘p uning oyog‘idan havoga ko‘tarildi va Marmush turgan joyga kelib tushdi, u esa osonlik bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Uch daqiqa o‘tib «Manchester Siti» hisobni yiriklashtirdi. Gvardiola jamoasining uchinchi golida ham Reynders to‘pni raqib jarima maydoniga qadar olib bordi va uni Semenyoga uzatdi. Antuan jarima maydoni ichida himoyachilarni aldashga harakat qildi va to‘pni o‘zidan uzoqlashtirib yubordi. Lekin to‘pga birinchi bo‘lib Reynders yetib keldi va epizodni gol bilan yakunladi.

Ikkinchi bo‘lim jamoalar uchun oddiy mashg‘ulot o‘yiniga aylandi. «Qarg‘alar» 45 daqiqa ichida besh gol urishiga jamoaning eng ashaddiy muxlislari ham ishonmasdi. Qolaversa, Eddi Hau jamoasi yetakchilaridan biri Gordon jarohat olib safdan chiqdi. «Shaharliklar» o‘yinning 70 foizga yaqin vaqti davomida to‘pga egalik qilishda davom etishdi, ammo futbolchilar endi o‘zini ortiqcha urintirmasdi. Yo‘qotadigan narsasi qolmagan «Nyukasl» esa faqat oldinga tashlanardi. «Manchester Siti» jarima maydonida ikki bor bahsli vaziyat yuzaga keldi, hakam to‘p qo‘l bilan o‘ynalganida va zaxiradan tushgan Alleyn raqib hujumchisi Vissaga nisbatan qo‘pollik ishlatganida 11 metrlik jarima zarbasi belgilamadi.

Shunga qaramay «Nyukasl» o‘yindan baribir o‘z golini urishga erishdi. Elanganing javob goli yo‘q joydan yuzaga keldi. O‘ng qanotda to‘p qabul qilib olgan vinger ikki raqibdan o‘tib ketdi, jarima maydoni ichida esa O’Rayli unga qarshilik ko‘rsata olmadi. Elanga aldamchi harakatlari bilan raqibni dog‘da qoldirdi va to‘p uning yonidan o‘tib olis burchakka borib tushdi. Bu vaziyatda Traffordda qutqarish uchun imkon yo‘q edi.

Shundan keyin ham «Manchester Siti» futbolchilari raqibga imkon berishda davom etishdi. Futbolchilar erta xotirjamlikka berilgan va endi diqqatni jamlay olmasdi. «Nyukasl» yana bir necha bor gol urishga yaqin keldi, Elanga ikkinchi bor darvozani ishg‘ol etganida esa ofsayd xalaqit berdi. Gvardiola bunga futbolchi almashtirishlar bilan reaksiya qilib, Holandni ham maydonga tushirdi. Erlingda ham vaziyatlar bo‘ldi, ammo u Ramsdeyl bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi va hisob o‘zgarmay qoldi.

Shu kuni Abduqodir Husanov «Siti» tarkibida ketma-ket 9 uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi va birortasida ham zaxiraga olinmadi. U bu orqali klubning o‘ziga tegishli bo‘lgan mavsum rekordini yangiladi: joriy mavsum boshidan buyon jamoaning boshqa biror futbolchi ketma-ket 8 o‘yinda ham to‘liq 90 daqiqa o‘ynamagan.

Endi Gvardiola va Mikel Arteta finalda to‘qnashadi. Muxlislarni 22 mart kuni «Uembli»da katta o‘yin kutmoqda.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев

Mavzuga oid