Jahon | 15:14
758
3 daqiqa o‘qiladi

BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissari: “Biz - tirik qolish rejimidamiz”

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar boshqarmasi (IHOKB) yetarlicha moliyalashtirilmayapti va o‘z missiyalari sonini ancha qisqartirdi, dedi Folker Turk. Moliyaviy muammolar haqida BMT bosh kotibi ham oldindan ogohlantirgan edi.

Foto: REUTERS

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar boshqarmasi (IHOKB) mablag‘ yetishmasligi sabab “tirik qolish rejimi”da ishlamoqda. Bunday bayonot bilan ushbu BMT agentligi rahbari Folker Turk payshanba, 5 fevral kuni chiqish qildi.

Turkning aytishicha, 2025 yilda inson huquqlari vaziyatini kuzatish bo‘yicha missiyalar soni 2024 yilga nisbatan ikki barobardan ko‘proqqa qisqargan. “Biz 17 ta mamlakatdagi ishtirokimizni qisqartirdik”, — deb qo‘shimcha qildi BMT vakili. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda 87 davlatda 5000 tadan ortiq monitoring missiyasini o‘tkazish va qiynoqlar hamda zamonaviy qullik shakllaridan jabrlangan 67 ming qurbonga yordam berishga muvaffaq bo‘lingan.

O‘tgan yili IHOKB o‘z budjeti hajmini 246 mln AQSh dollari (taxminan 208,5 mln yevro) deb baholagan, ammo amalda faqat 191,5 mln dollar olgan. Bundan tashqari, agentlik jami 500 mln dollar miqdorida badallar yig‘ishga chaqirgan, biroq taxminan 260 mln dollargina tushgan, dedi Turk. Uning ta’kidlashicha, IHOKB anchadan beri yetarlicha moliyalashtirilmay kelmoqda va o‘z vazifalarini “bosim ostida” bajaryapti.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha komissari 2026 yil uchun ixtiyoriy badallardan kerak bo‘ladigan mablag‘ni 400 mln dollar (340 mln yevro ) deb baholadi. Uning tushuntirishicha, bu pul “shu o‘ta muhim paytda” fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy huquqlarni himoya qilish imkonini beradi.

Turk ta’kidlashicha, agentlik “vahshiyliklar haqida ishonchli deb hisoblash mumkin bo‘lgan axborotni” hamda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat rivoji haqidagi ma’lumotlarni “haqiqat dezinformatsiya va senzura bilan yemirilayotgan bir paytda” ochiq e’lon qiladi. Moliyalashtirishning qisqarishi inson huquqlarini buzuvchilarga harakat erkinligini beradi, dedi BMT vakili.

Bir necha kun oldin BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham tashkilotda moliyaviy inqiroz xavfi haqida ogohlantirgan edi. U davlatlarni badallar bo‘yicha qarzlarini to‘lashga chaqirgan.

BMT bir necha yildan beri moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda, chunki ayrim a’zo davlatlar majburiy badallarni to‘liq miqdorda yoki o‘z vaqtida to‘lamaydi. Xususan, an’anaviy ravishda eng ko‘p mablag‘ kiritib kelgan AQSh Donald Tramp prezidentlikka qaytganidan so‘ng BMT agentliklariga to‘lovlarni sezilarli darajada qisqartirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid