Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nurlan Saburov Rossiyaga kiritilmadi. Unga 50 yillik taqiq qo‘yilgan
2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralamagani uchun AQShda ushbu qozog‘istonlik komikning konsertlari bekor qilingandi. 2025 yil oxiriga kelib esa uning Rossiya shaharlaridagi konsertlarini ham bekor qilishdi.
Komik Nurlan Saburovga Rossiyaga kirish 50 yil muddatga taqiqlangan. Bu haqda Baza, SHOT va Mash telegram-kanallari, shuningdek, RIA Novosti agentligi huquq-tartibot organlaridagi manbaga asoslanib xabar berdi.
Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan Saburovga taqiq «mamlakat milliy xavfsizligi, qonunchilikka rioya qilish va an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni himoya qilish manfaatlarini ko‘zlagan holda kiritilgan», degan RIA Novosti suhbatdoshi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqiq 30 yanvardan amal qiladi.
Telegram-kanallarda yozilishicha, Saburov 6 fevralga o‘tar kechasi reklama s’yomkasi uchun BAAdan Moskvadagi Vnukovo aeroportiga uchib kelgan. «Pasport nazoratidan o‘tish vaqtida Saburovni alohida xonaga olib kirishgan va u yerda Rossiyaga kirishi taqiqlangani haqidagi hujjatni berishgan», deya yozadi SHOT.
Xabarlarga ko‘ra, qo‘lga olish chog‘ida 34 yoshli komik go‘yoki «rus tilini bilmasligi»ni aytib, tarjimon talab qilgan, shuningdek, ortga qaytib ketish chiptasini olish uchun puli yo‘qligini aytgan.
Uni Dubayga qo‘liga kishan taqqan holda deportatsiya qilishmoqchi ekanidan xabar topgach, unda Qozog‘istonga uchish uchun chipta olishga pul topilgan. Shundan keyin u kutish zalida to‘shak solib, yotib olgan.

Saburov 2025 yil mayida ham migratsiya qonunchiligini buzgani uchun Sheremetevo aeroportida qo‘lga olingandi – o‘shanda uning mamlakatda bo‘lish muddati o‘tib ketgani ma’lum bo‘lgandi. Unga 5000 rubl miqdorida jarima solinib, Rossiyani ixtiyoriy ravishda tark etish uchun ikki hafta vaqt berilgandi.
Nurlan Saburov – Rossiyadagi eng mashhur stendapchi komiklardan biri hamda «Chto bylo dalshe?» yutyub-shousi boshlovchisi hisoblanadi. 2022 yil bahorida Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qoralamagani uchun AQSh va Isroilda uning konsertlari bekor qilingandi.
2025 yil oxiriga kelib Rossiyada ham uning konsertlarini bekor qila boshlashdi.
TASS agentligining yozishicha, Saburovga nisbatan e’tiroz uning Ukrainadagi harbiy harakatlarni tanqid qilishi, shuningdek, «migratsiya va soliq qonunchiligini buzishi» bilan bog‘liq emas. Davlat organlaridagi manbalar ta’kidlashicha, ushbu qiziqchi Rossiyada go‘yoki 160 million rubldan ortiq mulkka egalik qiladi va ishlab topilgan pullarni vositachilar orqali qonuniylashtirishga harakat qilgan.
Mavzuga oid
23:08 / 05.02.2026
Sankt-Peterburgda noqonuniy migrantlarni qidirish uchun itlar va dronlar ishga solindi
09:03 / 31.01.2026
Turkiyada deportatsiya bekor qilinmadi - rasmiy izoh
20:03 / 29.01.2026
Rossiyada migrantlar soni 10 foizga kamaydi, buning sabablari aytildi
10:14 / 29.01.2026