Jahon | 10:31 / 06.02.2026
1963
3 daqiqa o‘qiladi

Venesuela parlamenti amnistiya to‘g‘risidagi qonunni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi

Venesuelada amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentda birinchi o‘qishdan o‘tdi. Unga ko‘ra, Maduro va Chaves hukmronligi davrida siyosiy sabablar bilan sudlangan fuqarolar ozodlikka chiqishi mumkin.

Foto: AP

Venesuelada parlament payshanba, 5 fevral kuni amnistiya to‘g‘risidagi qonunni birinchi o‘qishda bir ovozdan ma’qulladi. Bu qonun qabul qilinsa, siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqishi mumkin. Qonun loyihasi matniga ko‘ra, amnistiya, xususan, “terrorizm”, “vatanga xiyonat” va “nafrat qo‘zg‘atish” moddalari bo‘yicha hukm qilinganlarga ham tatbiq etiladi.

AFP agentligi tushuntirishicha, aynan shunday ayblovlar Venesuelada hokimiyat tepasida bo‘lgan mamlakat rahbari Nikolas Maduro (u 2026 yil yanvarda AQSh qo‘shinlarining harbiy amaliyoti davomida qo‘lga olingan), shuningdek uning o‘tmishdoshi — Venesuela prezidenti Ugo Chaves davrida siyosiy mahbuslarga qo‘yib kelingan.

“Biz kechirim so‘raymiz va biz ham kechirishimiz kerak”, — deya AFP Venesuela parlamenti raisi Xorxe Rodrigesning so‘zlarini keltiradi.

Ommaviy amnistiya haqida yanvar oyida Delsi Rodriges e’lon qilgan edi. U Nikolas Maduro AQSh armiyasi tomonidan qo‘lga olingandan keyin Venesuelaning vaqtinchalik prezidentiga aylangan. Ushbu amnistiyaning maqsadi “zo‘ravonlik va ekstremizm bilan qo‘zg‘atilgan siyosiy to‘qnashuv natijasida paydo bo‘lgan yaralarni davolash” bo‘lishi kerak, deb ta’kidlanadi. Shu bilan birga, kechirish qotillik, narkosavdo va inson huquqlariga qarshi og‘ir jinoyatlar uchun hukm qilinganlarga tatbiq etilmasligi aniqlashtirildi.

AFP qayd etishicha, Venesuela davlatining vaqtinchalik rahbari sifatida Delsi Rodriges Vashington bilan yaqinlashish siyosatini yuritishga intilmoqda. Xususan, Venesuelada allaqachon yuzlab siyosiy mahbuslar ozod etilgan. Biroq yana bir necha yuz kishi hali ham qamoqxonalarda qolmoqda.

Shuningdek, AQSh talabi bilan Venesuelada mamlakatning neft bozorini xususiy investorlarga ochadigan qonun ham qabul qilindi. Shu munosabat bilan AQSh ushbu sohadagi sanksiyalarni yumshatishini e’lon qildi.

Ayni paytda Venesuela muxolifat yetakchilaridan biri, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Mariya Korina Machado mamlakatda yaqin o‘n oy ichida demokratik saylovlar o‘tkazish mumkin, degan fikrni bildirdi. “Menimcha, to‘qqiz-o‘n oydan keyin qo‘lda ovoz berish bilan haqiqiy shaffof (saylov — tahr.) jarayonini o‘tkazish mumkin”, — dedi u AQShdagi Politico onlayn nashriga bergan intervyusida.

Machado Venesuelada yangi saylovlar o‘tkazish ehtimoliy muddatlarini AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muhokama qilmaganini aytdi. Tramp esa yanvar oyida The New York Times gazetasiga bergan intervyusida AQSh Venesuela boshqaruvini qancha vaqt “kuzatib/nazorat qilib” borishi “faqat vaqt o‘tib ma’lum bo‘ladi”, degan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid