Jamiyat | 11:23
2439
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘rquv davlat siyosatiga aylangandi - cheklanmagan hokimiyat fojiasi

Har qanday jamiyatda hokimiyat uzoq vaqt o‘zgarmasdan qolsa, odamlar ham shu holatga ko‘nikib boradi. Bunday sharoitda shaxslar almashishi har doim ham tizimni yangilab bermaydi. “5 daqiqa”ning ushbu sonida Gabriel Garsia Markesning “Buzrukning kuzi” romani orqali hokimiyat va jamiyat o‘rtasidagi murakkab munosabatlar haqida gaplashamiz.

Asar boshida xalq diktatorning o‘lik tanasini saroydan topadi. Undan hid keladi, g‘amgin qushlar qasr ichida uchib yuradi, devorlar nurab boshlagan. Bu manzara faqat jismoniy o‘lim emas, balki butun tizimning ma’naviy halokatiga ishora qilardi. Ammo shu o‘lim bilan asar tugamaydi, aksincha, mana shu nuqtadan voqealar boshlanadi.

Diktatorning hayoti orqaga qaytib, bo‘lak-bo‘lak holda ko‘z oldingizda gavdalanadi. Uning bolaligi, hokimiyatga kelishi, mutlaq kuchni qo‘lga olishi va yillar davomida xalqni qo‘rquv orqali boshqarishi bir-biriga ulangan epizodlar sifatida beriladi. Markes vaqtni buzadi: kecha, bugun va erta orasida aniq chegara yo‘qoladi. Bu usul tasodifiy emas - diktaturada ham vaqt yo‘qoladi, chunki barcha narsa bir odamning irodasiga bog‘lanib qoladi.

Voqealar davomida diktator obrazi aniq shaxsdan ko‘ra, umumlashgan timsolga aylanadi. U bir vaqtning o‘zida mehribon o‘g‘ildek onasiga bog‘langan, lekin millionlab odamlar taqdiri bilan bemalol o‘ynaydigan zolim sifatida namoyon bo‘ladi. Ona - asarning muhim nuqtalaridan biri. U diktator uchun muqaddas, hatto davlatdan ham ustun. Onasi tirik vaqtida u hali ham insonga o‘xshaydi, uning o‘limi esa diktatorni butunlay yolg‘iz qoldiradi.

Davlatni xususiylashtirib oladi

Asarda hokimiyatning tashqi ko‘rinishi ham, ichki mexanizmi ham bosqichma-bosqich ochib beriladi. Diktator saylovlarni soxtalashtiradi, raqiblarni yo‘q qiladi, vazirlarni o‘z xohishiga ko‘ra almashtiradi. U butun bir dengizni chet elliklarga sotib yuboradi - bu voqea mutlaq hokimiyat odamni qanday aqldan ozdirishini ko‘rsatadi. Davlat endi xalqniki emas, balki bir odamning xususiy mulkiga aylanib qolgandi.

Voqealar chuqurlashgani sari, diktatorning yakkaligi kuchayadi. Atrofida minglab xizmatkorlar, harbiylar, amaldorlar bor, lekin ishonch yo‘q. U hammaga, hatto o‘z farzandlariga ham shubha bilan qaray boshlaydi. Asarda uning ko‘plab farzandlari borligi aytilsa-da, ularning taqdiri deyarli noma’lum, ismsiz, ruhsiz tasvirlanadi.

Roman davomida xalq obrazi ham o‘zgarib boradi. Boshida qo‘rqqan, so‘zsiz itoat etgan omma keyinchalik charchagan, umidsiz holatga keladi. Ammo ular ham diktatorsiz yashashni bilmaydi. Uning o‘limi haqida xabar tarqalganda, xalq ishonmaydi. Chunki u avval ham bir necha bor “o‘lgan”, lekin yana qaytib kelgan.

U jamiyatda lavozim, sadoqat sotilardi

Asarda qo‘rquvga alohida urg‘u beriladi. Biroq qo‘rquv bu yerda hissiyot emas, balki davlat siyosatiga aylanib ulgurgan edi. Odamlar bir-biridan qo‘rqardi. Natijada hech kimga ishonib bo‘lmasdi. Parchalangan jamiyatni esa boshqarish oson bo‘ladi.

Yaqinlarga mansab berish - bu tizimda odatiy holatga aylanadi. Lavozim bilim yoki tajriba uchun emas, sadoqat uchun beriladi. Shu yo‘l bilan saroy atrofidagi odamlar o‘z xavfsizligini sotib oladi. Jamiyat esa bunga ko‘nikib boradi. Insonlar mehnat bilan emas, tanish-bilish bilan yuqoriga chiqayotganini ko‘rgan xalq sekin-asta talab qilishdan voz kechadi.

Diktatorning jismoniy va ruhiy yemirilishi chuqurlashib boraveradi. U qariydi, xotirasi zaiflashadi, voqelik bilan xayolni ajrata olmay qoladi. Qasr ham u bilan birga to‘kilib boradi. Ammo hukumatdan ketish haqida o‘ylamaydi, xalqni ham, davlatni ham nikohiga olgandek yashayveradi.

Buzruklar kelaveradi...

Yakunda diktator haqiqatan ham o‘ladimi-qoladimi, bu muhim emas. Lekin bu asar sizning “Bir zolim ketsa, hammasi tugaydi” degan tasavvurlaringizni parchalab tashlaydi. Chunki xalq o‘zini tanib olmasa, har kim adolatni o‘zidan boshlamasa, tepaga buzruklar kelishi uchun hamisha yo‘l ochiq qolaveradi.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов

Mavzuga oid