Iqtisodiyot | 11:40 / 09.02.2026
1946
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridlarida elektron-skoring tizimi joriy etiladi

2026 yil 1 sentabrdan davlat xaridlari maxsus axborot portalida ishtirokchilar faoliyatini idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik baholaydigan elektron-skoring tizimi ishga tushiriladi.

Yangi tizim orqali davlat xaridlarida ishtirok etuvchi sub’yektlarga “yuqori”, “o‘rta”, “past” va “eng past” ishonchlilik darajalari beriladi. Baholash jarayoni elektron-skoring orqali avtomatik amalga oshirilib, ishtirokchilarning ishonchlilik ko‘rsatkichiga qarab rag‘batlantirish va cheklov choralari qo‘llanadi.

Elektron-skoring natijalariga asosan quyidagi rag‘batlantirish choralari nazarda tutilgan:

“yuqori” ishonchlilik darajasiga ega ishtirokchilardan zakalat to‘lash talab etilmaydi;
eng yaxshi takliflarni tanlash va tender savdolarida ishtirokchilar takliflariga ishonchlilik darajasiga mutanosib ravishda qo‘shimcha ball beriladi;
“eng faol tadbirkor” tanlovida davlat xaridlarida ishonchlilik darajasi “yuqori” bo‘lgan ishtirokchilar nomzodlari qo‘llab-quvvatlanadi.

Shu bilan birga, ishonchlilik darajasi “past” va “eng past” bo‘lgan ishtirokchilar uchun ham alohida tartiblar belgilanadi. Xususan, ularning xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishiga ruxsat etiladigan davlat xaridlarining eng yuqori qiymatiga nisbatan me’yorlar o‘rnatiladi. Shuningdek, bepul onlayn o‘quv kurslari orqali malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid