Ko‘chmas mulk | 12:42 / 09.02.2026
2406
2 daqiqa o‘qiladi

Inspeksiya: ko‘p qavatli uylarda yuk ko‘taruvchi devorlarni buzish qat’iy taqiqlanadi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi ko‘p qavatli turar joy uylarida tayanch - yuk ko‘taruvchi devorlarni buzish yoki ularga o‘zboshimchalik bilan aralashish qonunchilikka ko‘ra qat’iy taqiqlanishini eslatdi.

Foto: Kun.uz

Inspeksiya bildirishicha, bunday noqonuniy harakatlar binolarning seysmik barqarorligiga jiddiy zarar yetkazishi va unda yashovchilar hayoti hamda xavfsizligi uchun bevosita tahdid tug‘dirishi mumkin.

Qayd etilishicha, agar mazkur holat aniqlansa, yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarga shikast yetkazilgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasiga muvofiq jismoniy shaxslarga — BHMning 50 barobari miqdorida, mansabdor shaxslarga — BHMning 100 barobari miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanadi.

Ma’lum qilinishicha, ma’muriy jazodan so‘ng ushbu holat bir yil ichida takrorlansa, aybdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 229³-moddasi asosida 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2–3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2–3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Inspeksiya shu turdagi qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida nazorat tadbirlari kuchaytirilgan tartibda olib borilayotganini bildirdi. Shuningdek, bunday holatlarga guvoh bo‘lgan fuqarolar 71-200-69-02 raqamli koll-markaz orqali xabar berishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid