Jahon | 12:16
1381
4 daqiqa o‘qiladi

Serb Respublikasida saylov: separatist Karan g‘alaba qozondi

Sinisha Karan - lavozimidan chetlatilgan Milorad Dodik bilan bog‘liq bo‘lgan serb separatistlarining nomzodi Serb Respublikasi prezidenti lavozimi bo‘yicha o‘tkazilgan qisman qayta saylovlarda g‘alaba qozondi. U noyabr oyidagi muddatidan oldingi saylovlarda ham g‘alaba qozongan edi.

Foto: Amel Emric/REUTERS

Bosniya va Hersegovina tarkibiga kiruvchi Serb Respublikasida prezident lavozimi bo‘yicha qisman qayta saylovlar yakuniga ko‘ra, o‘z lavozimini serb separatistlari nomzodi — sobiq ichki ishlar vaziri Sinisha Karan saqlab qoldi. U lavozimidan chetlatilgan Milorad Dodikning ishonchli shaxsi hisoblanadi. Bundan mamlakat Markaziy saylov komissiyasi yakshanba kuni, 7 fevral kechasi e’lon qilgan ma’lumotlar dalolat beradi. Rasmiy natijalar e’lon qilinishidan oldin Karan o‘zini prezident deb e’lon qildi, uning raqibi — eng yirik muxolifat partiyasidan nomzod Branko Blanush esa mag‘lubiyatni tan oldi.

Qayta saylovlar taxminan 2200 ta saylov uchastkasidan 136 tasida o‘tkazildi, qayta ovoz berishda qariyb 84,5 ming fuqaro ishtirok etishi mumkin edi. MSK ularni o‘tkazish haqida qarorni 23 noyabrdagi saylovlar davomida aniqlangan qonunbuzarliklar sabab qabul qilgan. O‘shanda Karan Blanushdan qariyb 9,6 ming ovozga ilgarilab ketgan edi, shuning uchun nazariy jihatdan qisman qayta saylovlar muxolifatga ham g‘alaba olib kelishi mumkin edi.

Bosniya MSK ma’lumotlariga ko‘ra, qayta saylovlarda qariyb 42 ming fuqaro, ya’ni saylovchilar umumiy sonining 49,5 foizi ishtirok etgan. Bu safar Karan raqibidan 10 871 ovozga ilgarilab ketdi.

MSK saylov o‘tkazilishi yuzasidan to‘rtta shikoyat kelib tushganini ma’lum qildi, ularning barchasi saylov komissiyalariga yuborilgan. Shuningdek, MSK Serb Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan soat 15:00 gacha (qayta saylovlar 7:00 dan 19:00 gacha o‘tkazilgan) saylov uchastkalarida 13 ta ehtimoliy qonunbuzarlik haqida xabar kelganini qayd etdi. “Asosan, ular ovozlarni sotib olish ehtimoli bilan bog‘liq”, — deyiladi MSKda.

Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, qayta saylovlar paytida aniqlangan qonunbuzarliklarning yana bir turi — saylovchilarga bosim o‘tkazish. “Mening ko‘nglim qolgani yo‘q. Bu saylov jarayonidagi tizimli muammolar, ularni hatto skanerlar va yangi texnologiyalar yordamida ham hal qilib bo‘lmaydi”, — dedi Blanush ehtimoliy qonunbuzarliklar haqidagi ma’lumotni izohlar ekan.

Milorad Dodik Serb Respublikasida prezidentlik lavozimidan, Bosniya va Hersegovina bo‘yicha BMT oliy vakilining qarorlarini ijro etishni taqiqlovchi ikki qonunni amalga kiritgani uchun sudlanganidan keyin, chetlatilgan. Dodikning saylovda qatnashish huquqi bo‘lmaganiga qaramay, u hali ham amaldagi haqiqiy rahbar sifatida — parda ortidan vaziyatga ta’sir ko‘rsatib turadigan shaxs deb hisoblanadi.

1995 yilgi Deyton kelishuvlari shartlariga ko‘ra, Bosniya va Hersegovina ikki qismga bo‘lingan: asosan bosniyalik serblar yashaydigan Serb Respublikasi va Xorvat-musulmonlar Federatsiyasi (Bosniya va Hersegovina Federatsiyasi). Davlatning ushbu ikki yarim avtonom qismi o‘zaro zaif markaziy hukumat orqali bog‘langan. Mamlakatdagi 3 million 500 ming aholining taxminan uchdan bir qismi Serb Respublikasida yashaydi, uning hududi esa davlat maydonining deyarli yarmini tashkil etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid