08:26 / 01.08.2023
4998

AQSh Serb Respublikasi vakillariga qarshi sanksiyalar kiritdi

AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, jazolangan shaxslar Serb Respublikasi Xalq assambleyasi tomonidan Deyton tinchlik kelishuvi ijrosini xavf ostiga qo‘yadigan qonun qabul qilinishiga yordam bergani uchun javobgardir.

Foto: EPA-EFE/ MARKO DJOKOVIC

AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Bosniya va Hersegovinadan (BvH) bir davlat darajasidagi amaldorga va BvHdagi Serb Respublikasidan (SR) uch nafar amaldorga sanksiya qo‘ydi. Bu haqda 31 iyul, dushanba kuni AQSh Moliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, bu shaxslar Serb Respublikasi Milliy assambleyasi tomonidan BvH Konstitutsiyaviy sudi qarorlarini SR hududida qo‘llanilmaydi, deb e’lon qilishga mo‘ljallangan qonun qabul qilinishiga ko‘maklashish va shu bilan Deyton tinchlik kelishuvi ijrosini xavf ostiga qo‘yish uchun javobgardir. 

Serb Respublikasi Milliy assambleyasi raisi Nenad Stevandich, Serb Respublikasi bosh vaziri Radovan Vishkovich, BvH prezidiumi a’zosi Jyelka Tsviyanovich va Serb Respublikasi adliya vaziri Milosh Bukeylovichga nisbatan cheklov choralari qo‘llangan. 

Ularning «harakatlari Bosniya va Hersegovinaning barqarorligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga, shuningdek, Deyton tinchlik kelishuvi asosida qiyinchilik bilan erishilgan tinchlikka tahdid soladi», dedi terrorizmga qarshi kurash va moliyaviy razvedka xizmatlarini nazorat qiluvchi AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Brayyen Nelson. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xatti-harakatlar BvHning «Yevroatlantika institutlariga» muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini xavf ostiga qo‘yadi. 

Top