Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Britaniya “yashirin flot” tankerlarini kuzatish va qo‘lga olish rejasini tayyorlamoqda
The Sunday Times yozishicha, Buyuk Britaniya harbiy-dengiz floti yangi baza tashkil etmoqchi: u yerdan pilotsiz katerlar yordamida Rossiya neftini tashiydigan tankerlar harakati kuzatib boriladi va zarurat tug‘ilsa, ularni qo‘lga olish bo‘yicha muvofiqlashtirish ishlari olib boriladi.
Foto: AP
Buyuk Britaniya Qirollik harbiy-dengiz floti Rossiyaning “yashirin floti”ga aloqador kemalarni aniqlash va ehtimol qo‘lga olish uchun pilotsiz katerlarni ishga solishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Sunday Times onlayn nashri surishtiruvdagi ma’lumotlarga tayanib, yakshanba, 8 fevral kuni xabar berilgan.
Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Britaniya floti mamlakatning sharqiy sohilida RF “yashirin floti” masalalari bo‘yicha qo‘mondonlik markazi tashkil etish taklifini tayyorlagan. Rejaga ko‘ra, Geytsxedda joylashgan va harbiy-dengiz rezervi foydalanadigan HMS Calliope o‘quv markazi shunday bazaga aylantiriladi. U yerdan masofadan turib boshqariladigan katerlar flotiliyasi Shimoliy dengizga, hatto La-Manshga ham yo‘l olishi mumkin. Nashr yozishicha, ayni paytda bunday katerlar xarid qilinmoqda. “Tuzilishi jihatidan ular Shotlandiya sohillari yaqinida sinovdan o‘tkazilgan yetti metrlik Rattler katerlariga o‘xshash bo‘ladi”, — deb yozadi The Sunday Times.
Maqolaga ko‘ra, 2022 yil boshidan buyon Rossiya La-Mansh orqali 550 mln tonna (taxminan 4 mlrd barrel) neft tashishga ulgurgan, uning qiymati 239 mlrd funt sterling (275 mlrd yevro)ga teng. Bu ma’lumotlar Helsinkida joylashgan, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi davrida neft yetkazib berishlarning har birini qayd qilib borgan CREA (Energiya va toza havoni tadqiq qilish markazi) tahliliga asoslangan.
Ushbu tahlilga ko‘ra, so‘nggi to‘rt yilda Rossiya neftini tashigan kemalar Duvr bo‘g‘ozi orqali 9584 ta reys amalga oshirgan. Shu bilan birga, “yashirin” tankerlar soni yildan yilga ortib borgan: 2022 yilda 958 ta kema, 2023 yilda 2919, 2024 yilda 2987 ta qayd etilgan. Biroq 2025 yilda ular soni biroz kamroq bo‘lib, 2720 tani tashkil etgan.
The Sunday Times yozishicha, Rossiya Ukrainadagi urush sabab joriy etilgan g‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tish uchun o‘zining “yashirin floti”dan foydalanadi. Ko‘pincha gap mulkdorlik tuzilmasi shaffof bo‘lmagan, ekipajlari yetarlicha tayyorlanmagan va sug‘urtasi minimal bo‘lgan kemalar haqida ketadi. Bunday tankerlar ko‘p hollarda transponderni o‘chirib yuradi, bu esa ularning joylashuvini sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatishni qiyinlashtiradi; shu sabab ular dengiz qonunchiligini tez-tez buzadi.
Mualliflar ta’kidlashicha, Britaniya va YeIdagi ittifoqchilar Rossiya “yashirin floti”ga qarshi chora ko‘rishga qaror qilgan — sanksiyalar samaradorligi past bo‘layotgani fonida. Xususan, London bu masalada yanada “agressiv” qadamlarga 7 yanvar kuni AQSh kuchlari bilan birga Marinera tankerini qo‘lga olgandan keyin qaror qilgani aytilgan. 22 yanvar kuni esa Britaniya Fransiya bilan hamkorlikda O‘rta Yer dengizida RFning “soya floti”ga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan ikkinchi tanker — Grinch'ni ham qo‘lga olgan.
Shundan keyin Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili London ittifoqchilar bilan hamkorlikda yana boshqa “yashirin” tankerlarni ham qo‘lga olishga qaratilgan ishlarni olib borayotganini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
12:06
Britaniya bilan “aqlli shifoxona” loyihasi muhokama qilindi
09:09
AQSh Rossiyaning “yashirin floti”ga aloqador tankerni qo‘lga oldi
09:41 / 07.02.2026
Yadro quroli: Rossiya London va Parijni kelishuvga qo‘shmoqchi
08:50 / 02.02.2026