Iqtisodiyot | 07:40
4789
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng katta 10 ta maxsus iqtisodiy zona

Maxsus iqtisodiy zona - mamlakat quruqlik sohilidan 200 dengiz milyasigacha (370 kilometr) cho‘zilgan dengiz makoni hududidir. Yangi infografikada eng katta maxsus iqtisodiy zonalarga ega davlatlar ko‘rsatilgan.

Maxsus iqtisodiy zonada davlatlar tabiiy resurslarni qidirish, o‘rganish va ulardan foydalanish (ekspluatatsiya qilish) bo‘yicha eksklyuziv huquqlarga ega bo‘ladi. Ular sun’iy orollar va inshootlar barpo etishi va ulardan foydalanishi, ilmiy tadqiqotlar olib borishi mumkin, shuningdek dengiz muhitini muhofaza qilish va saqlash majburiyatini ham oladi.

Boshqa davlatlar esa bu zonalarda erkin kemachilik va parvoz huquqiga ega. Shuningdek, ular suvosti kabellari va quvurlarini o‘tkazishi mumkin.

Eng katta maxsus iqtisodiy zona Fransiyaga tegishli — avvalo, uning dengizorti hududlari hisobiga. Uning maydoni 11,691 million kvadrat kilometrni tashkil qiladi.

Maxsus iqtisodiy zonasi kattaligi bo‘yicha yetakchilar qatorida AQSh (11,351 million kvadrat kilometr) va Avstraliya (8,505 million kvadrat kilometr) ham bor. Rossiya bu reytingda to‘rtinchi o‘rinda — uning zonasi maydoni 7,566 million kvadrat kilometr. O‘ntalikka, shuningdek, Buyuk Britaniya, Indoneziya, Kanada, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Chili ham kirgan.

geopolitical.guy

Maxsus iqtisodiy zonalardan foydalanish qoidalarini BMTning dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasi belgilaydi. Shu bilan birga, ba’zan davlatlar o‘rtasida zonalar chegaralari yoki boshqa davlatlarning bu zonalardagi faoliyati masalasida bahslar kelib chiqadi.

Masalan, AQSh va Xitoy o‘z maxsus iqtisodiy zonasida xorijiy qurolli kuchlarning razvedka faoliyatini tartibga solish huquqi masalasini turlicha talqin qiladi. Aksariyat sohilbo‘yi davlatlar qirg‘oqdan 12 dengiz milyasidan tashqarida (ya’ni hududiy suvlardan uzoqroqda) o‘z zonalarida xorijiy harbiy faoliyatni tartibga solish huquqiga ega emas, deb hisoblaydi. Xitoy talqiniga ko‘ra esa davlatlar o‘z maxsus iqtisodiy zonasining butun hududi bo‘ylab xorijiy harbiy faoliyatni tartibga solish huquqiga ega.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid