Jahon | 15:15
6400
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiya generaliga uyushtirilgan suiqasdning yana bir ishtirokchisi qo‘lga olindi

Gumonlanuvchi – rossiyalik sobiq harbiy bo‘lib, kosmik sohada ishlagan va Z-pabliklarga a’zo bo‘lgan.

Foto: FSB

Rossiya federal xavfsizlik xizmati (FSB) harbiy razvedka boshqarmasi (GRU) general-leytenanti Vladimir Alekseyevga 6 fevral kuni Moskvada uyushtirilgan hujum bo‘yicha ish doirasida uchinchi figurant qo‘lga olinganini e’lon qildi. Bu Rossiya fuqarosi, 44 yoshli Pavel Vasin bo‘lib, ushbu ish doirasida ayblanayotgan Viktor Vasinning o‘g‘li hisoblanadi.

Idora Pavel Vasin jinoyatiga iqror bo‘lib, ko‘rsatma berganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, u ishning boshqa figurantlari Lyubomir Korba va Viktor Vasin (Pavelning otasi) «Ukraina maxsus xizmatlari manfaatlari yo‘lida» Rossiya Mudofaa vazirligining yana ikki yuqori martabali xodimi ortidan kuzatuv olib borgan. FXX ularning nomlarini keltirmagan.

Idora versiyasiga ko‘ra, Pavel Vasin suiqasdni tayyorlash jarayonida ishning boshqa ikki figurantiga mashina taqdim etgan, rossiyalik harbiylarni kuzatish uchun videoregistrator va treker sotib olgan, shuningdek, internetdan ular haqida ma’lumot to‘plashda yordam bergan.

FXX matbuot xizmati Pavel Vasinning ko‘rsatma berishi videosini e’lon qilgan. Bu video qanday sharoitda olingani noma’lum. Videoda u 2025 yil sentabrida Korba tomonidan «Ukraina xavfsizlik xizmati uchun» yollangani va uning topshiriqlarini bajarganini aytadi. U shuningdek «general Alekseyevga suiqasd uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgani» haqida gapirgan.

Pavel Vasin – professional harbiy, Rossiya qurolli kuchlari ofitseridir, deb xabar bergan «Vajnyye istorii». 2003 yilda u Buyuk Pyotr nomidagi Strategik raketa qo‘shinlari harbiy akademiyasini tamomlagan. Jurnalistlar uning rezyumesida u besh yil mobaynida shartnoma asosida xizmat qilgani, aloqa vositalari bilan ishlagani va xorijiy komandirovkalarga borgani haqida ma’lumotlarni topishgan.

Xizmatni tamomlaganidan keyin Pavel Vasin Moskva davlat gumanitar fanlar universitetining yuridik fakultetida o‘qigan va tijoriy kompaniyalarda ishlagan. 2022 yil sentabrida u «Astronomik ilmiy markaz» (ANs)da muhandis-kuzatuvchi lavozimida ishga joylashgan.

2023 yil martida ushbu korxonadan ishdan bo‘shagan. Bir yil o‘tib AQSh ushbu korxonani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan. Vashingtondagilar ushbu korxona avtomatlashtirilgan optoelektron tizimlarni ishlab chiqarishi va ulardan foydalanishini ma’lum qilgan. Shuningdek, ANs «Roskosmos»dan grantlar olgani ma’lum.

«Novaya gazeta Yevropa» ma’lumotiga ko‘ra, Pavel Vasin telegramda Forum Z, «Russkaya obshchina» (YuVAO), «Russkaya obshchina» (Balashixa) kabi millatchilik ruhidagi guruhlarga a’zo bo‘lgan.

RF qurolli kuchlari Bosh shtabi bosh boshqarmasi (sobiq bosh razvedka boshqarmasi) boshlig‘i o‘rinbosari Vladimir Alekseyevga suiqasd 6 fevral kuni sodir etilgandi. General o‘sha kuni tongda Volokolamskoye shossesidagi uyi pod’yezdi oldida qurolli hujumga uchragan. U og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan va operatsiya qilingan. Keyingi kuni u ko‘zini ochgan. TASS ma’lumotiga ko‘ra, generalning holati «barqarorligicha qolmoqda».

8 fevral kuni Dubayda Rossiya fuqarosi, 65 yoshli Lyubomir Korba qo‘lga olindi va Moskvaga topshirirldi, FXX uni suiqasdning to‘g‘ridan to‘g‘ri ijrochisi deb hisoblamoqda. Moskvada uning tanishi, 66 yoshli Viktor Vasin ham qo‘lga olindi. OAV Viktor Vasina sobiq harbiy bo‘lgani haqida yozgan.

Ukrainaning Luhansk oblastida tug‘ilgan va RF fuqarosi sanalgan 54 yoshli Zinaida Serebrikskaya ham ushbu ishga aloqadorlikda gumonlanmoqda. Taxminlarga ko‘ra, u general bilan bir uyda yashagan va u haqida ma’lumot to‘plagan. Rossiyada Serebrikskaya sirtdan hibsga olingan va xalqaro qidiruvga berilgan. FXX versiyasiga ko‘ra, u «Ukrainaga chiqib ketgan». Sud materiallarida esa u Turkiyaga ketgani ko‘rsatilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid