Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh–Eron o‘rtasidagi keskinlik sabab neft narxlari oshyapti
AQSh va Eron o‘rtasida yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar atrofidagi keskinlik pasaymayotgani fonida jahon neft narxlari ko‘tarilmoqda, deb qayd etadi Reuters. Mutaxassislar, shuningdek, dunyodagi ikki yirik neft habida neft zaxiralari qisqarayotganini ham kuzatmoqda.
Foto: Abedin Taherkenareh/dpa
Reuters agentligi xabar berishicha, 11 fevral, chorshanba kuni neft narxlari AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik avj olgan taqdirda ta’minotga xavf tug‘ilishi mumkinligi sabab taxminan 2 foizga oshdi. Shu bilan birga, ikki yirik jahon neft omborida zaxiralar kamaygan — bu talab o‘sib borayotganini ko‘rsatadi, deyiladi maqolada.
11 fevral kungi holatga ko‘ra, Brent markali xom neft fyucherslari 1,41 dollarga yoki 2,1 foizga qimmatlab, barreli 70,21 dollarga yetdi. West Texas Intermediate (WTI) nefti esa 1,36 dollarga yoki deyarli 2,1 foizga oshib, barreli 65,31 dollarni tashkil qildi.
“Yaqin Sharqdagi pasaymayotgan keskinlik hali ta’minotda uzilishlar kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, narxlarni qo‘llab-quvvatlab turibdi”, — deb Reuters UBS kompaniyasi neft tahlilchisi Jovanni Staunovoning izohini keltiradi. Mutaxassisga ko‘ra, hozir ARA (Antverpen–Rotterdam–Amsterdam) mintaqasidagi omborlar va NQZda, shuningdek BAAdagi Fujayra portida neft omborida zaxiralar qisqarishi kuzatilmoqda — bu bozordagi vaziyat taranglashganidan dalolat beradi.
10 fevral kuni Eron TIV vakili Islom Respublikasining yadroviy dasturi bo‘yicha AQSh bilan muzokaralar “Tehronga Vashington niyatlarining jiddiyligini baholash imkonini berganini va diplomatik muzokaralarni davom ettirish uchun yetarli darajada konsensus borligini namoyon etganini” bildirdi.
O‘z navbatida, AQSh prezidenti Donald Tramp Axios nashriga bergan intervyusida (u 10 fevral kuni e’lon qilingan) Vashingtonning Eron bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralari barbod bo‘lsa, Yaqin Sharqqa jangovar harakatlarga kirishishga tayyor harbiy kemalarni jo‘natish ehtimolini istisno qilmasligini ta’kidladi.
Biroq shu suhbatda AQSh rahbari, Qo‘shma Shtatlar yaqin vaqt ichida Eron bilan kelishuvga erishishga intilayotganini, Tehron esa 2025 yil yozida AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi 12 kunlik harbiy keskinlik arafasidagi davrga nisbatan “ko‘proq moslashuvchanlik” ko‘rsatayotganini qayd etdi.
6 fevral kuni Ummonda Eron va AQSh o‘rtasida bilvosita muzokaralar boshlandi. AQSh delegatsiyasiga prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff rahbarlik qildi. Delegatsiya Tehrondan bir necha yo‘nalish bo‘yicha yon berishni talab qildi — jumladan, yadroviy dastur, mamlakatning raketa arsenali va Yaqin Sharqdagi proksi-kuchlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha.
Eron esa sanksiyalar olib tashlanishi evaziga yadroviy kelishuv muhokamalarini qayta tiklashga tayyor ekanini ta’kidlamoqda. Muzokaralarning birinchi bosqichidan so‘ng tomonlar ularni ijobiy baholadi, ammo ixtiloflar saqlanib qolayotganini ham qayd etdi.
Eron delegatsiyasiga boshchilik qilgan TIV rahbari Abbas Arag‘chi mamlakat uranni tinch maqsadlarda boyitishni davom ettirishini va “nol boyitish” siyosati qabul qilinmasligini bildirdi.
Mavzuga oid
14:21
PURL: London Kiyev uchun AQSh qurollariga 150 mln funt ajratadi
14:05
Yadroviy kelishuv va strategik sheriklik bitimi – Vensning Kavkazga tashrifi tafsilotlari
21:42 / 11.02.2026
AQSh Venesuelaga Rossiya bilan har qanday neft bitimlarini rasman taqiqladi
21:22 / 11.02.2026