Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
CSIS: Rossiya minimal yutuqlar evaziga katta yo‘qotish ko‘rmoqda
2026 yil yanvar oyida frontdagi RF yo‘qotishlari armiyaga kirgan yangi kontraktchilar sonidan oshib ketgan. Bloomberg’ning g‘arb razvedkasi ma’lumotlaridan xabardor manbalariga ko‘ra, bu tez orada Kremlni yangi safarbarlik masalasi oldida qoldirishi mumkin.
Foto: RIA Novosti / Konstantin Mixalchevskiy
Bloomberg agentligi 11 fevral, chorshanba kuni g‘arb razvedka xizmatlaridan birining ma’lumotlarini bilgan manbalarga tayanib xabar berishicha, Ukrainadagi frontda Rossiyaning yanvar oyidagi yo‘qotishlari armiyaga yangi kirgan kontraktchilar oqimidan ko‘proq bo‘lgan.
Bloomberg manbalari keltirayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyida RF qurolli kuchlariga qo‘shilgan yangi harbiylar soni Rossiya armiyasining frontdagi yo‘qotishlaridan 9000 nafarga kam bo‘lgan. 2025 yil dekabrida esa bu ko‘rsatkichlar taxminan bir-biriga yaqin edi. Biroq qish mavsumida Rossiyaning Ukraina frontidagi yo‘qotishlari sezilarli darajada oshgan.
Bloomberg suhbatdoshlari Ukraina mudofaa vaziri etib yangi tayinlangan Mixail Fedorov taklif qilgan strategiya — Rossiya armiyasi yo‘qotishlarini oyiga 50 ming kishiga yetkazish — qisman o‘z samarasini beryapti, deb hisoblaydi. Bunday holatda Kreml oldida yangi safarbarlik masalasi paydo bo‘lishi mumkin.
Moskva frontda muvaffaqiyatlar haqida bayonot berib kelayotganiga qaramay, Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tahlilchilari Rossiya minimal hududiy yutuqlar evaziga nihoyatda katta yo‘qotishlarga uchrayapti, deb hisoblaydi.
CSIS bahosiga ko‘ra, 2022 yil fevralidan beri Rossiya qo‘shinlari halok bo‘lganlar, yaralanganlar va bedarak yo‘qolganlar hisobida jami taxminan 1,2 mln kishini yo‘qotgan. O‘tgan yil (2025 yil) davomida Rossiya armiyasining yo‘qotishlari 425 ming kishini (o‘rtacha oyiga taxminan 35 ming) tashkil etgan. Bu — Ikkinchi jahon urushidan beri har qanday qurolli mojaroda yirik davlatlar ichida qayd etilgan eng yuqori yo‘qotishlardan ham oshib ketadi. CSIS tahlilchilariga ko‘ra, RF QK va Ukraina QKning umumiy yo‘qotishlari 1,8 mln kishiga yetgan, bahorga borib esa 2 mln chegarasiga chiqishi mumkin.
CSIS hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda tashabbusni qo‘lga olgandan keyin Rossiya armiyasi eng yirik hujum operatsiyalari doirasida o‘rtacha kunga 15–70 metr olg‘a siljigan. Bu so‘nggi yuz yildagi yirik harbiy kampaniyalar orasida hujum sur’atining eng past ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Tahlilchilar bahosicha, 2024 yil boshidan beri Rossiya Ukraina hududining 1,5 foizidan kam qismini egallagan.
G‘arb razvedka ma’lumotlarini biladigan Bloomberg manbalaridan biri ham shu baholarga qo‘shildi: Rossiya armiyasi hozirgi sur’atda olg‘a siljisa, butun Donbassni to‘liq egallash uchun unga taxminan ikki yil kerak bo‘ladi.