Jamiyat | 08:53
1378
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda qalbaki pul sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Namangan viloyati Chortoq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki banknotlarni muomalaga kiritishga uringan shaxs ushlandi.

Foto: DXX

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Namangan viloyatining Chortoq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki banknotlarni muomalaga kiritish holatiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyatining Asaka tumanida istiqomat qiluvchi, 2005 yilda tug‘ilgan shaxs “shartli xaridor”ga 200 dona 100 ming so‘mlik va 125 dona 200 ming so‘mlik kupyuradagi qalbaki jami 45 mln so‘mni 18 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, uning yonidan qo‘shimcha ravishda 100 ming so‘mlik kupyuradagi 5 mln so‘m miqdoridagi qalbaki pullar ham olingan.

Qayd etilishicha, ushlangan shaxsning yashash xonadonidan noutbuk, rangli printer, bo‘yoqlar hamda qog‘ozlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Ta’kidlanishicha, mazkur fuqaro muqaddam ham xuddi shunday jinoyatni sodir etganligi uchun sudlangan.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid