O‘zbekiston | 13:14
592
2 daqiqa o‘qiladi

Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

Adliya vazirligi notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Nizomga ko‘ra, tanlov test sinovlari va amaliy imtihondan iborat 2 bosqichda o‘tkaziladi hamda hujjat 2026 yil 1 apreldan kuchga kiradi.

Foto: Shutterstock

Adliya vazirligi “Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Nizomga ko‘ra, yagona tanlov notarius lavozimi bo‘sh bo‘lgan yoki yangi notarius lavozimi ta’sis etilganda Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.

Tanlov 2 bosqichda tashkil etiladi: 1-bosqich — test sinovlari; 2-bosqich — amaliy imtihon.

Yagona tanlov o‘tkazilishi haqidagi e’lon “Inson va qonun” gazetasi va vazirlikning rasmiy veb-saytida joylashtirilishi belgilangan.

1-bosqichda talabgorlar agentlikning elektron platformasi orqali davlat va jamiyat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi bo‘yicha 40 ta test topshiradi, bunga 60 daqiqa vaqt ajratiladi. Testdan 55 balldan yuqori to‘plagan talabgor muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi va 2-bosqichdan o‘tolmagan taqdirda ham 1 yil davomida testni qayta topshirish talab etilmaydi.

2-bosqichda esa talabgorlar elektron platformada notarial harakatlar loyihalarini tayyorlash va muammoli masala (kazus)ga javob berish bo‘yicha sinovdan o‘tadi (tayyorlanish uchun 20 daqiqa beriladi). 2-bosqich natijasi bo‘yicha to‘plangan ball eng yuqori ballning 55 foizidan yuqori bo‘lsa, talabgor tanlovdan o‘tgan hisoblanadi.

Mazkur hujjat 2026 yil 1 apreldan e’tiboran kuchga kiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid