O‘zbekiston | 09:24 / 13.02.2026
1689
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent, Yangi Toshkent va Nukusda kreativ parklar tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash hamda yangi kreativ maydonlarni tashkil etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda Toshkent shahri, Yangi Toshkent hududi va Nukus shahrida kreativ parklar tashkil etish rejalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, kreativ iqtisodiyot bugungi kunda ko‘plab davlatlarda iqtisodiy o‘sishning muhim drayverlaridan biriga aylangan. Jahon YaIMning 3–7 foizi ushbu soha hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etildi. O‘zbekistonda 2024 yilda kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi 3,7 foizni yoki 56,8 trillion so‘mni tashkil etgan, eksport hajmi 770,6 million dollarga yetgan, sohada 319 ming nafardan ortiq aholi bandligi ma’lum qilindi.

Taqdimotda aholining 60 foizdan ortig‘i yoshlar ekani, raqamli infratuzilmaning jadal rivojlanayotgani hamda madaniy merosning boyligi kreativ industriyani yanada jadal rivojlantirish uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, 2024 yilda kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida alohida qonun qabul qilinib, sohaning huquqiy asosi yaratildi. Kreativ industriya parki ta’sis etilib, uning rezidentlari uchun maxsus soliq rejimi joriy qilindi. Jumladan, daromad solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 6 foizga tushirildi. Mazkur chora-tadbirlar hisobiga 2030 yilga qadar kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushini 5 foizga yoki 145 trillion so‘mga yetkazish, eksportni 1 milliard dollarga olib chiqish va sohadagi band aholini 500 ming nafardan oshirish maqsad qilingan.

Taqdimotda Toshkent shahrida joylashadigan kreativ industriya parkining konsepsiyasi ko‘rib chiqildi. Unda yashil bog‘, art-obektlar, xalqaro dasturlash tarmog‘ining Toshkent maktabi, kitob kafesi, sport maydonlari, ijodiy pavilonlar, kovorking markazi va ofislar, kino va video ishlab chiqarish maydonlari, ovoz yozish studiyasi, kreativ industriya kampusi hamda yoshlar va ijodkorlar uchun mehmonxona barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, Yangi Toshkent hududida tashkil etiladigan kreativ parkda rezidentlar uchun ijara maydonlari, studiyalar, media va anjuman zallari, tijorat hamda xizmat ko‘rsatish obektlari joylashtirilishi belgilangan.

Nukus shahrida esa Istiqlol bog‘idagi mavjud pavilon rekonstruksiya qilinib, ko‘p funksiyali jamoat-madaniyat markaziga aylantiriladi. Nukusdagi kreativ park loyihasida O‘zbekistonning “EKSPO-2025”dagi milliy paviloni joylashtirilishi va yon atrofida zamonaviy kutubxona barpo etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Yakunda prezident kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish madaniy jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, belgilangan loyihalar ijrosini sifatli ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid