Jahon | 20:33 / 15.02.2026
12931
17 daqiqa o‘qiladi

Muttahamning parvozi. Epshteyn o‘zi kim va boyligini qanday orttirgan?

Foto: The New York Times Magazine

Jyeffri Epshteyn vafot etganiga olti yildan oshdi, ammo u jinsiy qullikka solish maqsadida odam savdosini tashkil etishda ayblangan jinoiy ish – AQSh siyosiy hayotidagi asosiy mavzuga aylandi. Epshteynning biografiyasidagi ko‘p jihatlar noaniq. Asosiy sirlardan biri – u Karib dengizida ikki orol sotib olishga imkon beradigan boylikni qanday qilib orttirgani bilan bog‘liq. Bu borada fitna nazariyalari ham bor – masalan, bunday nazariyalardan birida u Amerika, Isroil yoki yana qaysidir davlatning maxfiy agenti ekani va pulni ulardan olgani taxmin qilinadi. The New York Times Magazine uning karerasini batafsil tadqiq qilgan: jurnalistlar uni tanigan ko‘plab odamlar bilan suhbatlashgan, ko‘plab rasmiy hujjatlarni, jumladan, sud hujjatlarini o‘rgangan, nashr qilinmagan ko‘plab intervyular va yozuvlarni, shu jumladan, shaxsiy kundalik va yozishmalarini ko‘rib chiqqan. Nashr konspirologiyani bir chetga surib qo‘yish mumkin degan xulosaga kelgan: uning boylik orttirishi omad kelishi, kerakli aloqalarni o‘rnata olishi va qonun chegarasida yoki undan tashqarida ham harakat qilishga tayyor bo‘lgani bilan izohlanadi. Quyida The New York Times Magazine materialining asosiy joylari keltiriladi.

Jyeffri Epshteyn 1953 yilda Nyu Yorkning Bruklin tumanidagi oddiy oilada dunyoga kelgan. Uning onasi maktab o‘qituvchisi, otasi – shahar xiyobonlari boshqarmasida bog‘bon bo‘lib ishlagan. Yoshligidanoq unda matematika va musiqaga qobiliyati borligi, shuningdek, boylikka o‘chligi ma’lum bo‘lgan. U Kuper-Yunion kolleji hamda Nyu York universitetining Kurant matematik fanlar institutida o‘qiydi, ammo ikkisini ham tamomlamasdan tashlab ketadi.

1974 yildan 1976 yilga qadar Jyeffri Epshteyn (bu vaqtlarda u 21-23 yoshlarda edi) Manhettendagi nufuzli Dalton maktabida matematika va fizikadan dars beradi. Maktab rahbariyati unga o‘qituvchi sifatida katta baho bermagan, ammo u o‘quvchilar hamda yosh ayol xodimlar orasida mashhur edi. 1976 yil boshlarida u o‘quvchilardan birining ota-onasi taklifiga ko‘ra Manhettendagi san’at galareyasidagi ziyofatga tashrif buyuradi. Bu yerda uni Bear Stearns investbanki top-menejeri Eys Grinbergga matematik daho sifatida tanishtirishdi. Tez orada Epshteyn Bear Stearns kompaniyasiga ishga o‘tadi va Grinbergning qizi bilan uchrashishni boshlaydi.

Epshteyn rezyumesida oliy ma’lumot haqidagi diplomi borligini ko‘rsatib aldagan. Bu oshkor bo‘lganida esa, u so‘zsiz iqror bo‘ladi va bu harakatini shunday izohlaydi: «Diplomsiz hech qanday imkonim bo‘lmasligini yaxshi bilardim». Bear Stearns rahbariyati uni kechiradi.

O‘shanda, 1970-yillar oxiridayoq, Epshteyn ko‘plab ayollarning jazmani sifatida tanilgan. U hamkasblariga ham jinsiy aloqa uchun ayollar topib berishda bajonidil yordam ko‘rsatgan. Shu jumladan, Bear Stearns’ning yana bir top-menejeri Jimmi Keynga ham. U esa, o‘z navbatida, Epshteynni Uoll-stritning eng badavlat odamlari davrasiga olib kiradi.

1980 yilda, 27 yoshda ekanida, Epshteyn Bear Stearns’ning hamkoriga aylanadi. O‘sha yil iyulida Cosmopolitan jurnali uni «oy bo‘ydog‘i» deb e’lon qiladi. O‘sha yilning o‘zida Bear Stearns hisobchilari Epshteyn tomonidan yo‘l qo‘yilgan bir necha qoidabuzarliklarni aniqlaydi. Epshteyn Karib orollaridan birida bo‘lib o‘tgan konferensiyaga safar vaqtida kompaniyaga tegishli bo‘lgan 10 ming dollardan ortiq mablag‘ni navbatdagi sevgilisiga sovg‘alar (qimmatbaho taqinchoqlar va liboslar) olishga sarflab yuborgandi. Shuningdek, kompaniyalarning Bear Stearns yordamida IPO’ga chiqarilgan aksiyalarini o‘sha ayol nomidan sotib olib, katta foyda ko‘rgan. Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha davlat komissiyasi Epshteynni insayderlik savdosi bo‘yicha so‘roq qiladi, ammo hech qanday ayblov qo‘yilmaydi. Bear Stearns ichki tekshiruv yakunlariga ko‘ra, uni 2500 dollar miqdorida jarimaga tortadi va ikki oyga ishdan chetlashtiradi. Epshteyn esa o‘zini haqoratlangan deb hisoblab, kompaniyani tark etadi.

Shu vaqtlarda u sobiq «miss Indianapolis» va Bear Stearns xodimi Paula Heyl bilan uchrashib yuradi. U orqali Liz oilasi bilan tanishadi – bu britaniyalik aristokratlar va mudofaa sohasi pudratchilari edi. U bir necha yil Lizlar qo‘lida ishlaydi – kompaniya mablag‘larini «konkord»larda okean ortiga parvozlar qilish va hashamatli mehmonxonalarda tunash uchun sarflab yuborayotgani ma’lum bo‘lganida, uni ishdan haydashadi.

Jyeffri Epshteyn 1982 yilda Denverdagi Bolalar diabeti fondi uchun o‘tkazilgan xayriya kechasida.
Tom Masamori / WWD / Penske Media / Getty Images

1980-yillarda Epshteyn ma’lum vaqt badavlat kishilar – birinchi navbatda Bear Stearns’dagi faoliyati orqali tanish bo‘lganlarga soliqdan qochish sxemalari bo‘yicha yordam berish bilan shug‘ullangan. Uning hamkorlari orasida yurist Jon Stenli Pottinjyer ham bor edi, u keyinroq Epshteynni jinsiy zo‘ravonlikda ayblagan ayollarning manfaatlarini himoya qilgan. Shuningdek, Epshteyn millioner Maykl Strollni 450 ming dollar mablag‘ni (bugungi pulda bir yarim million dollar) qandaydir neft korxonasiga investitsiya qilishga ko‘ndirgan. Pullar shunchaki g‘oyib bo‘ladi, ish sudgacha yetib boradi, ammo Epshteyn shaxsiy javobgarlikdan qochishga muvaffaq bo‘ladi.

O‘shanda u Obregondagi ispanlar oilasiga Drysdale Securities brokerlik firmasi qulaganidan keyin yo‘qolgan pullarni topishda yordam bergan. Shunisi e’tiborga loyiqki, bu ishni u Ana Obregonga xushomad qilish orqali qo‘lga kiritgan. Tekshiruv Epshteynni Kanada bankining Kayman orollaridagi bo‘limi olib boradi. U bo‘lim boshlig‘ining oldiga kelib, uni fosh qilish bilan qo‘rqitadi – bankir esa jabrlangan ispanlarga tovon sifatida qimmatli qog‘ozlarni topshiradi.

Keyinroq Epshteyn moliyachi Stiven Hoffenbergga maslahatchilik qiladi. Hoffenbergning firmasi yarim milliard dollarlik moliyaviy piramida bo‘lib chiqadi va yakunda uning o‘zi 20 yilga qamaladi. Hoffenberg bir necha bor Epshteyn ham bu firibgarlikka sherik bo‘lganini aytadi. Epshteyn barchasini rad etadi.

Epshteyn boylik orttirgan yana bir sxema bor. U bir guruh investorlarni to‘plab, Pennwalt kimyo kompaniyasining katta miqdordagi aksiyalarini sotib oladi. Keyin u kompaniyani bozor bahosiga katta ustama bilan sotib olmoqchi ekanini e’lon qiladi. Kompaniya aksiyalari ko‘tarilib ketadi. Epshteyn esa o‘z paketini eng yuqori narxlarda sotadi va katta foyda ko‘radi. Keyinroq investorlar uzoq vaqt davomida undan bu foydani o‘zlari bilan bo‘lishishni talab qilib yurishadi. Ular buni uddalashganmi yoki yo‘qmi, bunisi noma’lum.

1980-yillarning ikkinchi yarmida Epshteyn allaqachon millionerga aylangan va Bear Stearns’ga mijoz sifatida qaytgandi. Uning menejeri Klark Shubax nafaqat uning foydasi uchun aksiyalar bilan savdo qiladi, balki muntazam ravishda o‘z assistentlarini uning yotog‘iga yuborib turadi.

Epshteyn 1987 yilda Endi Uorhol tomonidan asos solingan Nyu York san’at akademiyasi vasiylik kengashi tarkibiga kiradi. O‘sha yili Uorhol vafot etadi va Epshteyn uning xotirasiga bag‘ishlangan tantanali qabul tashkilotchilari ro‘yxatida birinchi o‘rinda zikr etiladi. Shu bilan u uzil-kesil Amerika elitasining yuqori qatlamiga kirib oladi.

O‘sha vaqtlarda Epshteyn Victoriaʼs Secret, Abercrombie & Fitch va yana bir qancha yirik brendlar egasi, milliarder Lesli Veksner bilan tanishadi va ko‘p o‘tmay uning moliyaviy konsultantiga aylanadi. Uning mijozlari orasida milliarder Leon Blek ham bor edi. U har bir mijoz bilan bir xil hiyla ishlatardi: ularni moliyaviy ahvoli yomonligiga, barcha menejerlari va hatto oila a’zolari yoki layoqatsiz, yoki ularning ishonchini suiiste’mol qilayotganiga ishontirar va shundan keyin ularning boyliklaridan cheksiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lardi.

1980-yillar oxiriga kelib Epshteyn Palm-Bichda, Donald Trampning Mar-a-Lago nomli mulki yaqinida 2,5 million dollarlik villaga ega bo‘ladi. Tez orada u Mar-a-Lagoda doimiy mehmonga aylanadi. U siyosiy kampaniyalarga xayriyalar qilishni boshlaydi va xorijlik yetakchilar, jumladan, Saudiya Arabistonining bo‘lg‘usi quroli Abdulloh ibn Abdulaziz va Isroilning BMTdagi elchisi, bo‘lajak bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan tanishadi.

Donald Tramp va Jyeffri Epshteyn, 1990-yillar
House Oversight Committee / AFP / Scanpix / LETA

1980-yillarda shvetsiyalik model Yeva Andersson Epshteynning mash’uqasi (gyorlfrend) edi. Lekin bu unga muntazam ravishda boshqa ayollar bilan ham ishqiy munosabatlar o‘rnatishiga to‘sqinlik qilmagan. Taxminan 1990 yilda u va Andersson ajraladi. Shundan ko‘p vaqt o‘tmay u britaniyalik mediamagnat Robert Maksvellning (Daily Mirror gazetasi va Macmillan nashriyoti egasi) qizi Gisleyn Maksvell bilan tanishadi hamda u bilan ishqiy romanini boshlaydi. Epshteyn 1991 yilda otasi vafot etganida Gisleyn Maksvell uchun tanyach (jumladan, moliyaviy tomondan ham) bo‘lgandi. Gisleyn esa u boshqa ayollar, shu jumladan, juda yosh ayollar bilan tez-tez aloqada bo‘lishiga e’tiroz bildirmasdi, vaqt o‘tishi bilan esa uning o‘zi bunday qizlarni «tanlab berish»ga o‘tadi.

O‘sha davrga taalluqli bir xarakterli voqea haqida ma’lumot bor. Epshteynning asosiy mijozlaridan biri bo‘lgan Lesli Veksner uylanmoqchi bo‘ladi va Epshteyn nikoh shartnomasini tuzishda ishtirok etadi. U hujjatni olib borishni model Steysi Uilyamsga topshiradi va unga «ochiq» kiyinishni va Veksnerdan chindan ham uylanmoqchimisiz deb so‘rashini aytadi.

Uilyams keyinroq bir safar 1993 yilda Epshteyn uni Manhettendagi Trump Tower’ga olib borgani va Donald Tramp bilan tanishtirganini, u esa uni darhol quchog‘iga olib, tanasining turli qismlariga qo‘l tekkizganini ham eslagan.

O‘sha 1993 yilda Bill Klinton AQSh prezidenti bo‘ladi. Epshteyn uning kampaniyasiga donorlik qilgan va yangi davlat rahbari bilan shaxsan tanishgan. Bundan tashqari, u TPI (o‘sha paytda Lotin Amerikasidagi eng yirik telekommunikatsiya kompaniyasi) egasi Linn Forester bilan do‘st edi, Klinton esa uni Oq uyning ko‘plab maslahat komissiyalaridan biriga tayinlagan. Bu vaqtda Forester turmush o‘rtog‘i bilan ajrashayotgandi va Epshteyn unga mol-mulkni bo‘lishning eng yaxshi shartlariga erishishda yordam beradi. Forester, o‘z navbatida, Epshteyn va Klintonning Oq uydagi birinchi shaxsiy uchrashuvini tashkil qiladi. 1995 yilda Epshteynning onasi kasal bo‘lib qolganda, u prezidentdan «Bardam bo‘l!» so‘zlari yozilgan xat oladi.

1990-yillar boshida o‘z aktivlarini Epshteynning ishonchli boshqaruviga topshirgan mijozlar ro‘yxatiga Libet Jonson (Johnson & Johnson kompaniyasi merosxo‘ri) ham qo‘shiladi. O‘shanda Epshteyn Rokfellerlar oilasining xayriya tashkilotlariga pul o‘tkazishni boshlaydi va tez orada biologiya va tibbiyot fanlarining jahon markazlaridan biri sanalgan Rokfeller universiteti vasiylik kengashiga a’zo bo‘ladi. Uning yangi muhim tanishlari orasida Harvarddan chiqqan iqtisodchi va Klinton ma’muriyatida vazir o‘rinbosari (keyinroq vazir) Larri Sammers va taniqli advokat Alan Dershovits bor edi.

Jyeffri Epshteyn va Alan Dershovits
House Oversight Committee / AP / Scanpix / LETA

Bu vaqtda Epshteynning shaxsiy boyligi 100 million dollardan oshadi, keyingi bir necha yil ichida 300 million dollarga yetadi. Uning shaxsiy va korporativ hisob raqamlarining murakkab tizimi asosan JPMorgan bankida joylashgan bo‘lib, bankirlar bu hisob raqamlaridan katta miqdordagi mablag‘lar noqonuniy harakatlarga, jumladan, voyaga yetmagan fohishalar xizmati uchun to‘lovlarga sarflanishidan xabardor bo‘lishgan.

1998 yilda Epshteyn taxminan 8 million dollar sarflab, Amerika Vinjiniyasi orollariga mansub bo‘lgan Litl-Sent-Jyeyms orolini sotib oladi – bu AQSh tarkibidagi avtonom hudud va mashhur ofshor yurisdiksiyasi edi. O‘z aktivlarini o‘sha yerda ro‘yxatdan o‘tkazish orqali Epshteyn amalda soliq to‘lash zaruratidan qutuladi. Bu orol keyinchalik Epshteyn oroli nomini oladi.

Epshteyn 1998 yilda sotib olgan Litl-Sent-Jyeyms oroli
U.S. Virgin Island Authorities / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Taxminan 2004 yilda Tramp va Epshteyn o‘rtasida mashhur mojaro yuzaga keladi. Taxminlarga ko‘ra, Tramp Epshteyn Palm-Bichdagi «Mar-a-Lago» klubidagi yosh xodimlarni «yollashi»dan xabar topganidan keyin uni haydab yuborgan. 2005 yilda, Palm-Bichda, 14 yoshli qizning vasiysi politsiyaga murojaat qilib, Epshteyn ushbu qizni zo‘rlaganini aytadi. Politsiya Epshteynning uyidan voyaga yetmagan ko‘plab qizlarning suratlarini topadi. Shundan keyin uzoq davom etgan shov-shuvli tergov boshlanadi, bu ishda Epshteynning manfaatlarini advokat Alan Dershovits himoya qiladi, bu advokat 1997 yilda voyaga yetmagan qizlar badnom qilinishiga qarshi qonunlar eskirgani va ma’nosini yo‘qotgani – ular amalda faqat «alohida shov-shuvli holatlarda qo‘llanishi» haqida yozgandi.

Ish 2008 yilga kelib tergov bilan kelishuv tuzilishi bilan yakunlanadi: Epshteyn voyaga yetmagan fohisha qizlar xizmatidan foydalanganini tan oladi, jabrlanuvchilarga tovon puli to‘laydi va  bir yildan ko‘proq vaqt davomida qamoqda bo‘ladi. Lekin uning reputatsiyasi vayron bo‘lgandi va keyingi o‘n yilini u obro‘sini tiklashga sarflaydi. 2019 yilda uni ikkinchi bor hibsga olishadi – bu safar u boshqa jinoyatlar qatorida voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida odam savdosini tashkil etishda ayblanadi. Bir oydan so‘ng u Nyu York qamoqxonasidagi kamerada vafot etadi – rasmiy versiyaga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan.

Oradan bir yil o‘tib, Epshteynning sherigi Gisleyn Maksvell ham hibsga olinadi. Sud tekshiruvlari Maksvell 1990-yillar o‘rtalaridan boshlab Epshteyn uchun voyaga yetmagan qizlarni topib, ishga yollaganini ko‘rsatadi. Nyu York federal sudi 2021 yilda Maksvellni jinsiy qullik uchun odam savdosi tashkil qilishda aybdor deb topadi. Sud uni 20 yillik qamoq jazosiga hukm qiladi.

AQSh sudi Epshteyn ishi bo‘yicha tergovlarni davom ettiradi. 2023 yil dekabr oyida federal sudya Loretta Preska Epshteyn bilan bog‘liq shaxslarning ismlari ko‘rsatilgan hujjatlarni ommaga e’lon qilishni buyuradi.

2025 yil noyabrida Tramp partiyadoshlarining bosimi ostida Epshteyn bilan bog‘liq barcha materiallarni e’lon qilishni talab qiluvchi qonunni imzoladi va dekabrdan Epshteyn fayllarini keng ko‘lamda ochiqlash jarayoni boshlandi. 2026 yil 30 yanvarida esa AQSh Adliya vazirligi veb-saytida eng katta ma’lumotlar to‘plami e’lon qilindi – jami 3 million sahifali matn, 180 ming fotosurat va 2000 ta videoyozuv ommaga taqdim etildi. Ushbu fayllarda juda ko‘p siyosatchilar, taniqli yulduzlar va hatto prezidentlarning ismlari bor edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid